Rossiyada migrantlarning pul o‘tkazmalari uchun 30 foizlik komissiya undirish taklif qilindi

Olam

image

Rossiyalik siyosatshunos Aleksey Yaroshenko mehnat migrantlari Tojikiston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Turkmanistonga pul o‘tkazganida ulardan majburiy komissiya undirishni, shuningdek, ushbu respublikalardan Rossiyaga boruvchilarning bank kartalariga xizmat ko‘rsatish to‘lovini oshirishni taklif qildi.  Bu haqda u  “360” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Uning fikricha, Rossiyada muhojirlar bilan bog‘liq jiddiy muammolar mavjud. Mamlakatga mehnat muhojirlarining kirib kelishi jinoyatchilikning kuchayishiga va pulning xorijga chiqib ketishiga sabab bo‘lgan. Rossiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil oxirida mamlakatda bir vaqtning o‘zida oila a’zolarini hisobga olmaganda 3,5 milliondan ortiq qonuniy mehnat muhojiri bo‘lgan. O‘tgan yili Markaziy Osiyodan borgan muhojirlarga ikki millionga yaqin mehnat patenti berilgan.

"So‘nggi bir necha yil ichida noqonuniy muhojirlar soni yiliga o‘rtacha 800 mingdan ortiq bo‘lib qolmoqda", deydi Aleksey Yaroshenko. 

Muammoni hal qilish uchun Yaroshenko Rossiyani mehnat migratsiyasi uchun kamroq jozibador qilishni taklif qiladi. U, birinchi navbatda, mamlakatdan pul olib chiqishga to‘siq qo‘yish, ya’ni Tojikiston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun o‘z vataniga pul o‘tkazganida komissiya joriy etishni taklif qilgan.

“Agar Rossiya bankining mijozi o‘z uyiga pul o‘tkazsa, u o‘tkazish maqsadidan qat’i nazar, summaning 30 foizini to‘lashi kerak. Bank bu pulni federal byudjetning maxsus jamg‘armasiga o‘tkazadi, bu pul Rossiyada qolishiga yordam beradi”, deya ta’kidlagan u.

Siyosatshunosning gapiga qaraganda, Markaziy Osiyodan borgan muhojirlar har yili o‘z vatanlariga bir necha milliard rubl o‘tkazgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu pullar mamlakatdan tashqariga chiqib ketgan.

“Xuddi shu narsa 2012-2014 yillargacha katta miqdorda pul o‘tkazgan Ukraina fuqarolari bilan sodir bo‘lgan. Biz bu mamlakat bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini saqlash yo‘llaridan biri deb o‘ylagandik. Bunday narsa yo‘q: milliardlar oqib ketdi va barcha ukrainaliklar bizdan nafratlanadi”, deydi Aleksey Yaroshenko.

Bundan tashqari, Yaroshenko Rossiya banklarida Tojikiston, O‘zbekiston, Turkmaniston va Qirg‘iziston fuqarolarining bank kartalariga xizmat ko‘rsatish uchun haqni oshirishni ham taklif qilgan. Shuningdek, u naqd ko‘rinishdagi pul olib chiqish limitini kamaytirish lozimligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq rossiyalik deputat Mixail Delyagin O‘zbekiston o‘z fuqarolarini Rossiyadan olib ketishi kerakligini "taklif" qilgandi.  Bunga javoban “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov o‘zbekistonliklar halol mehnatlari evaziga o‘z oilalarini moddiy ta’minlayotganini, Rossiya ularni tekinga boqmayotganini eslatgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya migrantlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing