Rossiyada migrantlar uchun maxsus huquqiy rejim joriy qilinadi
Olam
−
22 may 2021
8042Rossiyada qolish huquqiga ega bo‘lmagan, ammo ma’lum bir sabablarga ko‘ra, masalan, koronavirus kasalligi tufayli o‘z-o‘zini izolyatsiya qilib, mamlakatda qolishga majbur bo‘lgan muhojirlar uchun “Nazoratda bo‘lish” maxsus huquqiy rejimi joriy etiladi. Bu haqda TASS so‘roviga javoban Rossiya Ichki ishlar vazirligi matbuot markazida ma’lum qilindi.
“Migratsiya sohasidagi xavfsizlik va qonuniylikni ta’minlash mexanizmi samaradorligini oshirishga qaratilgan profilaktika choralaridan biri sifatida qonunchilikka maxsus huquqni muhofaza qilish rejimi – “Nazorat bo‘lish”ni kiritish rejalashtirilgan. Ushbu rejim Rossiyada qolish uchun hech qanday qonuniy asosga ega bo‘lmagan, ammo u yoki bu sabab bilan mamlakat hududida bo‘lib turgan muhojirlarga nisbatan qo‘llanadi”, deydi agentlik suhbatdoshi.
Rossiya Ichki ishlar vazirligining aniqlik kiritishicha, yangi huquqiy rejim chiqarib yuborish to‘g‘risidagi qarorlarning bajarilishi to‘xtatilgan yoki sud ishlarida ishtirok etish hamda tayinlangan jazoni bajarish zarurati tufayli Rossiyadan chiqib ketishi cheklangan chet elliklarga nisbatan qo‘llaniladi.
“Bunday rejimni, shuningdek, Rospotrebnadzor tomonidan ma’lum sanitariya qoidalariga, shu jumladan o‘zini o‘zi izolyatsiya qilish tartibiga rioya qilish to‘g‘risida buyruq berilgan ijtimoiy xavfli yuqumli kasalliklarga chalingan chet elliklarga nisbatan ham qo‘llash chorasi ko‘rib chiqilmoqda”, deyiladi xabarda.
Rossiya IIV ushbu nazorat ostida bo‘lgan chet elliklarga nisbatan qonun bilan bir nechta cheklovlar qo‘yilishi mumkinligi haqida xabar berdi.
“Rossiya Federatsiyasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga chet el fuqarolarining nazorat ostida bo‘lish rejimini buzganlik uchun javobgarlik belgilash nuqtai nazaridan tegishli o‘zgartirishlar kiritish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Ichki ishlar vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, koronavirus epidemiyasi boshlangan 2020 yil martidan buyon 1,6 millionga yaqin muhojir Rossiyada bo‘lib turish muddati tugaganiga qaramasdan, mamlakatni tark etmagan. Ko‘rilgan choralar shu vaqtgacha qariyb 400 ming kishining huquqiy holatini tartibga solishga imkon bergan.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyida Rossiya Ichki ishlar vazirligi Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) mamlakatlaridan Rossiyada noqonuniy yurgan fuqarolarini joriy yilning 15 iyunigacha olib chiqib ketishni talab qilgandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Rossiyada O‘zbekistondan 332 mingdan ziyod, Tojikistondan 247 ming, Ukrainadan 152 ming, Ozarbayjondan 120 ming, Qirg‘izistondan 115 ming, Armanistondan 61 ming, Moldovadan 56 ming, Qozog‘istondan 49 ming noqonuniy muhojir bor.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15