Rossiyada migrantlar uchun imtihon narxlari belgilanadi
Olam
−
04 noyabr
6409Rossiyaning Fan va oliy ta’lim vazirligi migrantlar uchun rus tili, Rossiya tarixi va qonunchilik asoslarini bilish bo‘yicha imtihon topshirishning yagona narxini belgilashni taklif qildi. Bu haqda tegishli qaror loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portalida e’lon qilindi.
Hujjatga ko‘ra, vazirlik tomonidan quyidagi yagona narxlar taklif qilingan:
- fuqarolik olish uchun rus tili imtihoni – 2950 rubl;
- fuqarolik olish uchun tarix va qonunchilik asoslari bo‘yicha imtihon – 2950 rubl;
- vaqtinchalik yashash ruxsatnomasi yoki yashash guvohnomasi olish uchun rus tili, tarix va qonunchilik asoslari bo‘yicha imtihon – 5900 rubl;
- ishlashga ruxsatnoma yoki patent olish uchun rus tili, tarix va qonunchilik asoslari bo‘yicha imtihon – 3800 rubl.
Hozirda bunday imtihonlar uchun yagona qat’iy narx belgilanmagan. Ayni vaqtda imtihon o‘tkazadigan tashkilot bunday xizmat narxini hisoblab chiqadigan formulani belgilaydigan hukumat qarori mavjud. Imtihon o‘tkazuvchi tashkilot ushbu xizmatlar narxini o‘zi belgilaydi. Bu imtihon o‘tkazish bilan bevosita bog‘liq to‘g‘ridan to‘g‘ri xarajatlar, bilvosita xarajatlar va qo‘shimcha qiymat solig‘ini o‘z ichiga oladi.
Xizmat narxining maksimal miqdori ham belgilangan. U hozirda vazirlik tomonidan doimiy narx sifatida belgilash taklif etilayotgan miqdorlar bilan deyarli bir xil:
- vaqtinchalik yashash ruxsatnomasi yoki yashash guvohnomasi uchun – 5900 rubl;
- ish ruxsatnomasi yoki patent uchun – 3800 rubl.
Imtihonlar uchun yagona narxning joriy etilishi Davlat dumasining joriy yilning 29 oktyabr kuni ikkinchi va uchinchi o‘qishda “Rossiya Federatsiyasida xorijiy fuqarolarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar qabul qilgani bilan bog‘liq. Mazkur o‘zgarishlarga ko‘ra, imtihonlarni faqat davlat muassasalari qabul qilishi va o‘tkazishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Rossiyskaya gazeta” nashri rus tilini bilmagan migrantlar Rossiyadan chiqarib yuborilishi mumkinligi haqida yozgandi. LDP deputati Jamaladin Gasanovga ko‘ra esa til sertifikati Rossiyada ishchi kuchi sifatida qonuniy bo‘lish uchun kerak. So‘nggi paytlarda mehnat migrantlariga sertifikat berish maqsadida rus tili, Rossiya tarixi va Rossiya Federatsiyasi qonunchilik asoslari bo‘yicha imtihonlarni soxta qabul qilish holatlari qayd etilmoqda. Uning fikricha, migrantlarni chiqarib yuborish emas, aynan sertifikat beruvchi institutlar ustidan nazoratni kuchaytirish kerak.