Rossiyada migrantlar ishlay olmaydigan sohalar ikki baravarga oshirildi
Olam
−
04 dekabr
5058Rossiyaning Tver viloyatida 2025 yildan boshlab chet el fuqarolari ishlay olmaydigan iqtisodiyot sohalari ro‘yxati ikki baravardan ham ko‘proqqa kengaytirildi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Unga ko‘ra, 2024 yilda chet ellik ishchilardan foydalanish 36 ta iqtisodiy faoliyat turida taqiqlangan bo‘lsa, kelgusi yilda bu ko‘rsatkich 82 taga yetkaziladi.
Ta’kidlanishicha, iqtisodiy faoliyatning 52 turi bo‘yicha to‘liq taqiq joriy etiladi, 30 tasida esa ayrim kasblarga cheklovlar qo‘yiladi.
Kelgusi yildan boshlab elektr energiyasi, gaz va bug‘ bilan ta’minlash, suv olish, tozalash va taqsimlash, oqova suvlarni yig‘ish va qayta ishlash, kompyuter ishlab chiqarish hamda suv transporti faoliyatida chet ellik ishchilardan foydalanish butunlay taqiqlanadi.
Taqiq joriy qilinadigan sohalar
Nashriyot, televideniye faoliyati, radioeshittirish, ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etish, kompyuter dasturiy ta’minoti va dasturlarini ishlab chiqish, kompyuterlar va shaxsiy foydalanish buyumlarini ta’mirlash, ilmiy tadqiqotlar, axborot texnologiyalari sohasidagi faoliyat, ijara va lizing, veterinariya, sayyohlik agentliklari, jamoat va notijorat tashkilotlari, xavfsizlikni ta’minlash hamda boshqa faoliyat turlariga ham taqiq joriy etilgan.
Bundan tashqari, ayrim kasblar bo‘yicha taqiq ro‘yxatiga o‘simlikchilik va chorvachilik, baliqchilik, go‘sht va baliqni qayta ishlash, sut mahsulotlari, non va non mahsulotlari, o‘simlik yog‘lari va yog‘lar, un mahsulotlari, oziq-ovqat mahsulotlari, hayvon yemlari, qog‘oz, neft mahsulotlari, kimyoviy moddalar, dori-darmonlar va tibbiy materiallar ishlab chiqarish ham kiritilgan.
Shuningdek, cheklovlar elektr uskunalari, transport vositalari, mebel ishlab chiqarish, ta’mirlash, mashina va uskunalarni o‘rnatish hamda boshqa faoliyat turlariga ham taalluqlidir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2024 yil davomida Rossiyadan taxminan bir million chet ellik chiqib ketgandi. Unga ko‘ra, ish haqlari oshganiga qaramay, migrantlar Rossiyaga qaytishga shoshilmayapti. 2024 yil boshida ishlab chiqarish sohasida ishlaydigan chet ellik ishchilar o‘rtacha 105 ming rubl maosh olgan. Yozga kelib, ularning oyliklari 150 ming rublgacha oshgan. Ayniqsa, quruvchilar va kurerlarning ish haqlari sezilarli darajada ko‘tarilgan, biroq bu ham ishchi kuchining chiqib ketishiga to‘sqinlik qila olmagan. Mamlakatni tark etganlar esa asosan O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari.
LiveBarchasi
Dollar kursi biroz pastladi.
04 dekabr