Rossiyada “Ko‘k kit” o‘yini asoschisi 9 yilga qamaldi
Olam
−
15 aprel
8190Rossiyaning Lenin tuman sudi ijtimoiy tarmoqlarda “Ko‘k kit” o‘yinini yaratgan mahalliy fuqaro Ilya Pogiblovga nisbatan hukm chiqardi. Bu haqda “Kommersant” xabar berdi.
Sudlanuvchi o‘z joniga qasd qilishga undashga qaratilgan faoliyatni tashkil etishda, o‘z joniga qasd qilishga undashda va voyaga yetmagan shaxsni jinoyat sodir etishga jalb qilishda aybdor deb topilgan. Unga to‘qqiz yilga qattiq rejimli koloniyada jazo o‘tash tayinlangan, shuningdek, to‘rt yilga saytlarni boshqarish bilan shug‘ullanish taqiqlangan.
Novosibirsk viloyati sud departamentiga ko‘ra, Pogiblov tomonidan tashkil etilgan guruh messenjerlar orqali ehtimoliy jabrlanuvchilarni o‘z joniga qasd qilishga tayyorgarlik ko‘rish uchun zarur bo‘lgan vazifalarni bajarishga, xususan, o‘ziga hayot uchun xavfli bo‘lgan tan jarohati yetkazishga undagan va ishontirgan.
Aniqlik kiritilishicha, Ilya Pogiblov guruhni boshqarish uchun o‘smirni jalb qilgan.
“Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yilishi munosabati bilan ishda qatnashayotgan shaxslar o‘z niyatlarini oxiriga yetkaza olmadi”, deyiladi xabarda.
Manbalarga ko‘ra, gumondor o‘z ayblariga iqrorligini bildirgan.
Ma’lumot uchun, “Ko‘k kit” o‘yini 2015 yilda Rossiyada chiqqan va butun dunyoga yoyilib, 130 ta insonning o‘limiga sabab bo‘lgan. Ushbu o‘yin 50 kun davomida ma’murlar tomonidan o‘yinchilarga yuklangan bir qator vazifalardan iborat. O‘yin bosqichlari osondan qiyin tomon o‘zgarib boradi. Bunda o‘yinchi o‘ziga, atrofdagilarga zarar yetkazish hamda o‘yin so‘nggida o‘z joniga qasd qilish vazifasini bajarish bilan “o‘yinda yutishi” mumkin bo‘ladi.