Germaniya Putinning Qrim va Qozog‘istonga da’vo qilganini maxfiylikdan chiqardi
Olam
−
04 avgust 9393 3 daqiqa
Germaniya Tashqi ishlar vazirligi Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 1994 yilda “Rossiya chegaralari hech qachon tugamaydi” degan mashhur so‘zlaridan va Ukrainaning beshdan bir qismini egallab olganidan ancha oldin Rossiya hududi haqida keng tushunchaga ega bo‘lganini ko‘rsatadigan hujjatni maxfiylikdan chiqardi. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.
Putinning 1994 yildagi bayonotiga qaraganda, u nafaqat Qrim va Sharqiy Ukrainani, balki Shimoliy Qozog‘istonni ham Rossiya yerlari deb biladi. Ya’ni bundan 31 yil oldin Vladimir Putin Germaniyaning Sankt-Peterburgdagi bosh konsuliga Qrim, Ukraina sharqi va Shimoliy Qozog‘istonni Rossiyaning bir qismi, deb bilishiga shama qilgan edi. Konsulning eslatmasi Germaniya Tashqi ishlar vazirligining 1994 yildagi hujjatlarini o‘z ichiga olgan “GFR tashqi siyosati hujjatlari” ning yangi jildida nashr etilgan.
Hujjatga ko‘ra, 1994 yil 14 yanvarda Putin Germaniya bosh konsuliga “Qrim, Ukrainaning sharqiy qismi va Qozog‘iston shimoli – hech bo‘lmaganda bu hududlar Rossiya uchun hech qachon begona bo‘lmagan, ular doimo Rossiya davlatining bir qismi bo‘lib kelgan” va “hech bir rossiyalikka bu hozir begona joy ekanini tushuntirib bo‘lmaydi”, deb aytgan. Putinning aytishicha, bu nemislar tushunish qiyin bo‘lishi mumkin bo‘lgan qandaydir milliy tuyg‘u haqida edi. Bosh konsul o‘z eslatmasida Putin buni avval ham aytganini ta’kidlagan.
“Agar Ukraina va Qozog‘istondagi ruslarning iqtisodiy va ijtimoiy ahvoli qoniqarli bo‘lsa, hech qanday muammo yo‘q”, deya davom etgan Putin.
Ammo uning o‘sha paytdagi bahosiga ko‘ra, bunday emas edi va bu odamlarni Vladimir Jirinovskiy kabi o‘ng qanot populistlarga jalb qilgan. Putinning qo‘shimcha qilishicha, G‘arb “rus imperializmi”ni “Rossiya manfaatlarini haqli himoya qilish” deb atamasligi kerak.
Ma’lumot uchun, 1991 yildan 1995 yilgacha Germaniyaning Sankt-Peterburgdagi bosh konsuli diplomat Eberxard fon Puttkamer bo‘lib, bundan olti yil avval vafot etgan. Vladimir Putin 1994 yilning yanvar oyida Sankt-Peterburg merining o‘rinbosari va shahar tashqi aloqalar qo‘mitasi rahbari edi.
Putinning o‘sha paytdagi boshlig‘i, keyinchalik Putin uni ustozi va do‘sti deb ataydigan Anatoliy Sobchakka ko‘ra, 1992 yilda SSSR parchalanganidan so‘ng unga asos solgan respublikalar Sovet Ittifoqidan oldingi chegaralariga qaytishi kerak edi, “qolgan hududiy yutuqlar esa muhokama mavzusi” bo‘lgan. Sobchak Qrim Ukrainaniki bo‘lib qolayotganini “bema’nilik” deb atagan va Ukrainaning o‘z armiyasini yaratishiga yo‘l qo‘ymaslik kerakligini, aks holda u “albatta undan foydalanishini” ta’kidlagan.
Putin Sobchakning 2021 yilgi “Ruslar va ukrainlarning tarixiy birligi to‘g‘risida” nomli siyosiy hujjatidagi pozitsiyasini keltirib o‘tgan. Shuningdek, u “Qrim hamisha bizniki bo‘lgan” va Vladimir Lenin timsolida “zamonaviy Ukrainani Rossiya, to‘g‘rirog‘i, bolsheviklar, kommunistik Rossiya yaratgan” deb ta’kidlagan.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonni mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev yaratgan.
“U noyob ish qildi. U hech qachon davlat bo‘lmagan hududda davlat yaratdi. Qozoqlarda davlatchilik yo‘q edi”, degan edi 2014 yilda Rossiya Prezidenti Nazarboyevni nazarda tutib.
2020 yilda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Davlat dumasi deputati Vyacheslav Nikonovning “Qozog‘iston hududi Rossiya va Sovet Ittifoqining ajoyib sovg‘asi” degan so‘zlariga javob qaytarishi kerak edi.
“Bu ulkan hududni chetdan hech kim qozoqlarga bermagan”, degan edi To‘qayev.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin belaruslik Aleksandr Lukashenko bilan Valaamdagi uchrashuv chog‘ida Kiyev hozir muzokaralar uchun vaqt emas, deb hisoblayotgan bo‘lsa, Moskva kutishga tayyorligini aytgandi.
Live
Barchasi