Rossiyada koronavirus vaksinasi sinovi yakunlandi
Olam
−
12 iyul 2020
54613Rossiyaning Sechenov universitetida koronavirusga qarshi dunyodagi ilk vaksinani ko‘ngillilarda sinovdan o‘tkazish nihoyasiga yetkazildi. Bu haqda RIA Novostiga universitetning translyatsion tibbiyot va biotexnologiya instituti direktori Vadim Tarasov xabar berdi.
Klinik sinov 18 iyundan beri olib borilgan. Vaksinani N.F.Gamalei nomidagi Milliy epidemiologiya va mikrobiologiya tadqiqot markazi mutaxassislari tayyorlagan.
Ko‘ngillilarning ilk guruhi 14 iyul, seshanba kuni, ikkinchisi 20 iyulda shifoxonadan chiqariladi.
Sechenov universitetining Parazitologiya, tropik va transmissiyaviy kasalliklar instituti direktori Aleksandr Lukashev bu bosqichda vaksina inson salomatligi uchun xavfsiz ekanini ko‘rsatish muhim bo‘lganini ta’kidlagan.
Klinik sinovlar boshlanishidan oldin ko‘ngillilar koronavirusga qarshi antitana yo‘qligiga tekshirilgan. So‘ng ikki haftaga yakkalab qo‘yishgan. Shundan so‘ng olimlar organizmni koronavirusga qarshi immunlashtirishgan.
Ko‘ngillilar ikki guruhga ajratilgan – birinchi guruh ishtirokchilari bir doza vaksina olgan, ikkinchisi ikkita. Barcha ishtirokchilar hozirda o‘zini yaxshi his qilyapti. Ineksiya organizmda salbiy reaksiya bermagan. Faqatgina vaksina yuborilganidan keyin dastlabki kunlarda tana harorati ko‘tarilgan.
Tez orada sinov ishtirokchilari odatiy hayotiga qaytadi. Ammo shifoxonadan chiqarilgandan keyin ham shifokorlar ularning immun tizimini nazorat qilib boradi.
Qayd etilishicha, vaksinani kelajakda ishlab chiqarish epidemiologik vaziyat va keng ko‘lamda ishlab chiqarish imkoniyatidan kelib chiqadi.
LiveBarchasi