Rossiyada qurilish jihozi qulab tushishi oqibatida 3 ishchi halok bo‘ldi
Olam
−
18 avgust 2025 4369 1 daqiqa
Joriy yilning 14 avgust kuni Rossiyaning Vladivostok shahrida joylashgan qurilish maydonidagi konstruksiya jihozining qulab tushishi oqibatida 3 kishi halok bo‘ldi va qirg‘izistonlik ikki ishchi jarohatlandi. Bu haqda Primorskiy o‘lkasi prokuraturasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, mahalliy TES-2 (issiqlik elektr markazi)da ta’mirlash ishlari olib borilayotgan bo‘lgan. Qurilish konstruksiyasi qulab tushishi oqibatida 3 ishchi 8 metr balandlikdan yiqilib halok bo‘lgan. Ularning aynan qayerdan ekani ochiqlanmagan. Qulagan konstruksiya 2 qirg‘izistonlikning ustiga tushgan. Ular Vladivostok klinik shifoxonasiga yetkazilgan. Jarohatlanganlar “Ust-Srednekan” kompaniyasining ishchilari ekani ma’lum qilingan.
“15 avgust holatiga ko‘ra, bir ishchi Vladivostok klinik shifoxonasining jonlantirish bo‘limida qolmoqda, ikkinchi bemor esa o‘rta og‘ir ahvolda neyroxirurgiya bo‘limida davolanmoqda”, deyiladi xabarda.
Rossiya Tergov qo‘mitasining Primorskiy o‘lkasi bo‘yicha boshqarmasi Vladivostokdagi TES-2 da ta’mirlash ishlari uchun mas’ul bo‘lgan qurilish-montaj uchastkasi boshlig‘i va ustasini qo‘lga olgan. Ular xavfsizlik qoidalarini buzib, ehtiyotsizlik oqibatida ikki va undan ortiq odamning o‘limiga sabab bo‘lganlikda gumon qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri yaqinidagi Lisiy Nos o‘rmonida O‘zbekiston fuqarosi pichoq jarohatlari va boshiga qop kiydirilgan holda topilgandi.
Live
Barchasi