Ko‘chada namoz o‘qigan o‘zbekistonlik Rossiyadan chiqarib yuborildi
Olam
−
14 may 4540 2 daqiqa
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi Primorskiy tuman sudi O‘zbekiston fuqarosini missionerlik faoliyati bilan shug‘ullangani uchun jarimaga tortdi va mamlakatdan chiqarib yuborish haqida qaror chiqardi. Bu haqda Sankt-Peterburg sudining matbuot kotibi Darya Lebedeva xabar berdi.
Sud materiallariga ko‘ra, 2026 yil 12 may kuni soat 19:45 atrofida Dadaboyev Savushkina ko‘chasida politsiya xodimlari tomonidan qonunchilikni buzgan holda ko‘chada namoz o‘qiyotgan vaqtda ushlangan.
Ma’lum qilinishicha, u diniy marosim o‘tkazish uchun tegishli vakolatga ega bo‘lmagan holda imom sifatida chiqqan va mahalliy hokimiyat organlari bilan kelishmasdan jamoat joyida namoz o‘qigan.
Dadaboyev O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgani sababli unga nisbatan Rossiya Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 5.26-moddasi 5-qismi (vijdon erkinligi, diniy e’tiqod erkinligi va diniy birlashmalar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) qo‘llangan.
Sudda u aybini amalda tan olgan, bayonnomadagi ma’lumotlarni tasdiqlagan va bu harakatlar taqiqlanganidan xabardor bo‘lmaganini aytgan.
Sudning qayd etishicha, qoidabuzarlikning mohiyati – diniy ta’limot haqidagi ma’lumotlarni diniy birlashma a’zosi bo‘lmagan shaxslar orasida ommaviy tarqatish va ularni ushbu diniy birlashmaga jalb qilishga urinishdan iborat.
Sud qarori bilan unga 30 ming rubl (4 mln 938 ming so‘m) jarima hamda majburiy deportatsiya jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Voronej viloyatida 45 yoshli o‘zbekistonlik erkak noqonuniy migratsiyani tashkil etish bo‘yicha ayblanayotgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi