Rossiyada davlatga xiyonatda ayblanayotganlar ortayotgani xavotirli – BMT

Olam

image

Rossiyada josuslik va davlatga xiyonat ayblari bo‘yicha jinoiy ishlar soni keskin oshgan. Agar o‘tgan yili davlatga xiyonat bo‘yicha 24 ta ish qo‘zg‘atilib, 16 kishi sudlangan bo‘lsa, 2023 yilning birinchi olti oyida kamida 43 nafar gumonlanuvchi davlatga xiyonatda ayblangan. Bunday ma’lumotlarni BMTning Rossiyadagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Mariana Katsarova va BMTning so‘z erkinligi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi, Amnesty International tashkilotining sobiq rahbari Ayrin Xon keltirmoqda. 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti so‘nggi paytlarda Rossiya Jinoyat kodeksining josuslik va davlatga xiyonat to‘g‘risidagi qoidalaridan fuqarolarni tez-tez hibsga olish holatlari ko‘payib borayotganidan xavotirda.

“Ayblovlar og‘irligi va bunday hollarda jamoatchilik nazorati qiyinligini hisobga olsak, bu xavfli vosita”, deyiladi huquq himoyachilari bayonotida. 

Shu munosabat bilan ular josuslikda ayblanib, yuz kundan ortiq vaqtdan beri Moskvadagi Lefortovo tergov izolyatorida saqlanayotgan amerikalik jurnalist Evan Gershkovichning taqdiriga e’tibor qaratdi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Gershkovich harbiy-sanoat kompleksi korxonasi haqida davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni to‘plaganini da’vo qilmoqda. 

“AQSHning Rossiyadagi elchisi Linn Treysining ko‘plab so‘rovlariga qaramay, hozircha unga faqat ikkita konsullik tashrifiga ruxsat berilgan”, deya eslatadi BMT.  

Jurnalistni 20 yillik qamoq jazosi kutmoqda. 

BMT Gershkovichning hibsga olinishini “17 oy oldin Ukrainaga keng ko‘lamli bosqindan keyin Rossiyada fikr va so‘z erkinligi, shuningdek, mustaqil jurnalistikaning keskin cheklanishi misoli” deb ataydi. Huquq himoyachilari o‘z bayonotida Rossiya rasmiylarini amerikalik jurnalistni zudlik bilan ozod qilishga chaqirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Gershkovichni Amerika tomonining ko‘rsatmasi asosida Rossiya harbiy-sanoat majmuasi korxonalaridan birining faoliyati to‘g‘risida davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni to‘plaganlikda ayblab, hibsga olgan edi. Unga qarshi Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 276-moddasi (josuslik) bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan edi. WSJ va AQSH hukumati bu ayblovlarni rad etgan, davlat departamenti esa Rossiyadagi Amerika fuqarolarini mamlakatni tark etishga chaqirdi.

Ma’lumot uchun, u 1986 yildan beri Rossiyada ushbu ayblov bilan hibsga olingan birinchi xorijlik muxbir bo‘ldi. Shuni eslatish zarurki, 2022 yilda Rossiya Federatsiyasida davlatga xiyonat bo‘yicha 24 ta ish qo‘zg‘atilgan, 16 kishi shunday ayblov bo‘yicha sudlangan. 2023 yilning dastlabki olti oyida esa kamida 43 nafar shaxsga ushbu ayblov qo‘yildi.


Maqola muallifi

Teglar

FXX

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made