Rossiyada 15 iyuldan kinoteatrlar faoliyati tiklanadi
Olam
−
29 iyun 2020
3929Rossiyada koronavirus pandemiyasiga qarshi karantin choralari sabab yopilgan kinoteatrlar joriy yilning 15 iyulidan faoliyatini qayta tiklaydi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri o‘rinbosari Dmitriy Chernishenko Bosh vazir Mixail Mishustin bilan suhbatda ma’lum qildi.
Rossiyada kinoteatrlar joriy yilning mart oyi oxirida koronavirus pandemiyasi avj olgani sabab Bosh vazir o‘rinbosari Tatyana Golikovaning tashabbusi bilan yopilgan edi. Chernishenko esa joriy oy boshida o‘tgan brifingda kinoteatrlar iyul oyi o‘rtalarida ochilishini va’da qilgandi.
Hukumat raisi o‘rinbosarining qayd etishicha, mamlakatdagi madaniyat va turizm tashkilotlari faoliyatini qayta tiklab, normal hayotga qaytmoqda.
“Biz barcha ko‘ngilochar markazlar va hordiq chiqarish maskanlari faoliyatini tiklayotgani, qayta tug‘ilish davrini boshidan kechirayotganini ko‘rib turibmiz. Turizm, sport va madaniyat sohasi vakillarining ishtiyoqini his qilyapmiz. Odamlar haqiqatan ham ishlarini sog‘inib, normal hayotga qaytmoqda”, deydi Bosh vazir o‘rinbosari.
Shuningdek, u hududlardagi madaniy hayot muzeylar faoliyati tiklanishidan boshlanganini aytadi.
Ma’lumot o‘rnida, Rossiya koronavirusga chalinishi holatlari ko‘pligi bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinni egallamoqda. Federatsiyada 640 246 kishi koronavirusga chalingan bo‘lib, 402 778 nafari sog‘aygan. 9152 kishi koronavirus sabab vafot etgan.
LiveBarchasi