Rossiyada hokimiyat uchun kimlar kurashishi ma’lum bo‘ldi
Olam
−
08 fevral
11430Rossiyada 2024 yilning 15-17 mart kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida g‘olib bo‘lish uchun to‘rt nafar nomzodning ismi saylov byulleteniga kiritiladi. Bu haqda bugun, 8 fevral kuni Rossiya Federatsiyasining Markaziy saylov komissiyasi raisi Ella Pamfilova ma’lum qildi.
“Biz nomzodlarni ro‘yxatga olish masalasini ko‘rib chiqishni tugatdik. Bugungi yig‘ilish natijalariga ko‘ra, saylov byulletenida to‘rtta nomzod bo‘ladi", degan Pamfilova.
Qayd etilishicha, Vladislav Davankov ("Yangi odamlar"), Nikolay Xaritonov (Rossiya Federatsiyasi Kommunistik partiyasi) va Leonid Slutskiy (LDPR) prezidentlikka nomzodlar ro‘yxatiga olingan. Putin saylovda o‘zini o‘zi ko‘rsatgan nomzod sifatida qatnashmoqda. Shu bilan birga, uni rasman “Yagona Rossiya” partiyasi ham qo‘llab-quvvatlaydi.
Ma’lumot uchun, Rossiya MSK “Fuqarolar tashabbusi” partiyasidan Boris Nadejdin va “Rossiya kommunistlari” partiyasidan Aleksey Malenkovichning prezidentlikka nomzodini ro‘yxatdan o‘tkazmagan. Bunga ularni qo‘llab-quvvatlash uchun to‘plangan imzolarning 10 foizdan ortig‘i soxtaligi ro‘kach qilib keltirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq amaldagi Rossiya rahbari mamlakatda saylov kampaniyasi raqobatbardosh bo‘lishi kerakligini aytgan edi. Shuningdek, Rossiya Ukrainaning bosib olingan hududlarida ham saylov o‘tkazishga qaror qilgani ma’lum bo‘ldi.
LiveBarchasi