Rossiya juda og‘ir va mislsiz badal to‘laydi – Kamola Xarris Kremlni ogohlantirdi
Olam
−
19 fevral 2022
21052Agar Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, AQSH va uning ittifoqchilari Moskvani misli ko‘rilmagan darajada yuqori badal to‘lashga majbur qiladi. Bu haqda AQSH vitse-prezidenti Kamola Xarris 58-Myunxen xavfsizlik konferensiyasida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi.
Uning qayd etishicha, Yevropa Ikkinchi jahon urushidan keyin shakllangan tizimda tinchlik va farovonlikda yashagan.
“Bugun Yevropa xavfsizligi kelajagi bevosita tahdid ostida. Davlatlarning milliy chegaralari kuch ishlatish yo‘li bilan o‘zgartirilmasligi, barcha davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligi hurmat qilinishi kerak. Qo‘shma Shtatlar xalq o‘z boshqaruv shaklini tanlash huquqiga ega, kasaba uyushmalari va hukumat ularning huquqlarini himoya qilishi kerak degan tamoyillarga to‘liq sodiqdir. Qonun ustuvorligi himoya qilinishi kerak, barcha davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qiling”, deydi Xarris.
AQSH vitse-prezidenti xalqlar va davlatlar ittifoqchi tanlash huquqiga ega ekanligini ta’kidlagan.
U NATOni dunyodagi eng yirik harbiy ittifoqi deb atagan va Qo‘shma Shtatlar Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkilotining Kollektiv o‘zini o‘zi mudofaa qilish ustavining 5-moddasiga qat’iy sodiqligini urg‘ulagan.
NATO Nizomining 5-moddasida alyansning bir yoki bir nechta davlatiga qurolli hujum butun alyansga qilingan hujum sifatida qaralishi belgilab qo‘yilgan. Shu bilan birga, har bir davlat "Shimoliy Atlantika mintaqasi xavfsizligini tiklash va keyinchalik saqlab qolish uchun qurolli kuch ishlatish"gacha bo‘lgan javob choralarini amalga oshirish majburiyatini oladi. U tarixda faqat bir marta – 2001 yil 11 sentyabrda AQSHda sodir bo‘lgan teraktlardan keyin qo‘llanilgan.
Sansiyalar orqali badal
AQSH vitse-prezidenti agar Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, Vashington va uning ittifoqchilari Rossiya va uning tarafdorlariga qarshi keng qamrovli iqtisodiy va moliyaviy sanksiyalar joriy etishi bilan tahdid qilgan.
"Men to‘g‘ridan-to‘g‘ri gapiraman. Ishonch bilan ayta olamanki, agar Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, AQSH va bizning hamkorlarimiz Moskvani katta va misli ko‘rilmagan iqtisodiy badal to‘lashga majbur qiladi”, degan Xarris.
Uning ta’kidlashicha, AQSH Prezidenti Jo Bayden Ukraina atrofidagi vaziyat keskinlasha boshlaganidanoq NATO ittifoqchilari bilan birgalikda Rossiyaga aniq takliflar bilan chiqqan, konstruktiv muloqot o‘tkazishga harakat qilgan, uni muzokaraga undagan. U Moskvaning Ukraina yo‘nalishidagi harakatlarini “qo‘llanma bo‘yicha yuritilayotgan ish”, deb ta’riflagan.
Ma’lumot o‘rnida, Myunxendagi Xalqaro xavfsizlik konferensiyasida uch kun davomida 600 ga yaqin siyosatchi, ishbilarmon va ilmiy doiralar, shuningdek, inson huquqlari tashkilotlari vakillari qatnashadi. Forumda 35 ga yaqin davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etadi. Asosiy mavzu Ukraina atrofidagi inqiroz bo‘ladi.