Bye-bye, Bayden

Tahlil

“Bye, bye, Biden”, “The end”, “Bayden ketdi”. 21 iyul kuni Toshkent vaqti bilan soat 23:00 larda butun dunyo OAVdan shu so‘zlar yangradi. Bu AQSHning 81 yoshli amaldagi rahbari Jo Bayden uzoq kutilgan qarorni qabul qilib, qayta saylanish uchun nomzodini ilgari surishdan voz kechgani haqida edi.

Bayden shu paytga qadar saylovda qatnashmoqchi ekani va g‘alaba qozona olishini ishonch bilan aytib kelayotgan edi. Saylovoldi debatlarda keksa prezident saylovchilarni rahbar sifatida yana mamlakatni boshqara olishiga ishontirishga urindi. Biroq buni uddasidan chiqa olmadi.

27 iyun kuni CNN telekanalida Jo Bayden va Donald Tramp o‘rtasida o‘tkazilgan ilk debat Bayden uchun muvaffaqiyatsiz bo‘ldi. Ikki nomzod o‘rtasidagi yosh farqi 3 yarim yil bo‘lishiga qaramay, bahsda 81 yoshli prezident va uning 78 yoshli raqibi o‘rtasidagi tafovut ancha katta bo‘lib tuyuldi. Bayden saylovchilarning eng zaif tomoni – yoshi haqidagi xavotirlariga barham bera olmadi.

Bayden debatda Tramp bilan o‘z kelishmovchiligini aniq ifoda eta olmadi va doimgidek gapidan chalg‘ib ketdi. Ayniqsa, statistika va qonunchilikdan iqtibos keltirishda chalkashib qoldi. Tomoshabinlarning 67 foizi ushbu debatda g‘oliblikni Trampga berdi. Ushbu natijadan xabar topgan demokratlar Bayden nomzodini qo‘llab-quvvatlashga o‘ylanib qoldi.

Iyul oyi boshida demokratlarning 75 nafar eng boy donori Baydenning saylovda qatnashish masalasini muhokama qilish uchun Zoom orqali yig‘ilish o‘tkazdi. Unda donorlarning faqat bir nafari Bayden saylovda ishtirok etishi kerak, deb hisoblagan. Qolgan barcha homiylar agar partiya noyabr oyida Trampni mag‘lub etmoqchi bo‘lsa, Bayden nomzodi chetlatilishi kerakligini aniq aytgan.

Donorlar o‘z pozitsiyasida qat’iy qolib, agar Bayden chetga chiqishdan bosh tortsa, so‘rovnomalar uning favorit ekanligini ko‘rsatmaguncha, Baydenning qayta saylanishida ko‘maklashish uchun pul bermasliklarini bildirgan.

19 iyul kuni demokrat kongressmenlar ham Baydenni partiya nomzodi sifatida chetga chiqishga chaqirdi. Veasey, Garsiya, Pokan va Xaffman o‘zlarining qo‘shma bayonotida Bayden haqida shunday dedi:

“Sizning yoshingiz va jismoniy tayyorgarligingiz bilan bog‘liq keng tarqalgan jamoatchilik tashvishlari partiyaning g‘alaba qozonish imkoniyatini xavf ostiga qo‘ymoqda. Bu tushunchalar adolatli bo‘lmasligi mumkin, ammo ular o‘tgan oydagi munozaralardan so‘ng qattiqlashdi va endi o‘zgarishi dargumon.

“Siz hozir qila oladigan eng mas’uliyatli va vatanparvar ishingiz Oq uydan partiyamizni boshqarishda davom etib, nomzodimiz sifatida chetga chiqish, deb hisoblaymiz. Demokratlarda vitse-prezident Kamola Harris boshchiligidagi chuqur va iqtidorli yosh yetakchilar bor, ularni siz ko‘targan, kuch bergan va shu daqiqaga tayyorlagansiz”, deydi kvartet.

Shunday qilib, partiyadoshlarining chaqiriqlarini befarq qoldirmagan Bayden prezidentlik poygasidan chiqdi va o‘zining vitse-prezidenti Kamola Harris nomzodini ilgari surdi.

AQSH Federal Saylov Komissiyasiga taqdim etilgan hujjatlarga ham rasman o‘zgartirishlar kiritildi. Targ‘ibot qo‘mitasining nomi ham “Prezidentlik uchun Bayden” dan “Prezidentlik uchun Harris” deb o‘zgartirildi. Ammo hali rasmiy ravishda Kamola Harris prezidentlikka nomzod sifatida tasdiqlangani yo‘q.

Xo‘sh, Kamola Harris o‘zi kim?

U Qo‘shma Shtatlar vitse-prezidenti lavozimini egallagan birinchi ayol. ko‘pchilik Harrisning Demokratik lagerdagi inqiroz davridagi xatti-harakatlarini yuqori baholaydi. Vitse-prezident hech qachon, hatto shaxsiy suhbatlarda ham Bayden o‘rniga o‘z nomzodini ilgari surishga urinib ko‘rmagan va bu vaqt davomida u doimiy ravishda Amerika ma’muriyatining amaldagi rahbarini qo‘llab-quvvatlashini va unga sadoqatini bildirgan. Bu uning yanada ko‘pchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga sabab bo‘lgan.

Endilikda Harris nomzodi Demokratlar partiyasining qurultoyida tasdiqlanishi kerak. Tramp nomzodi esa allaqachon respublikachilar tomonidan tasdiqlangan.

Bayden va Tramp debatidan so‘ng respublikachi nomzodning g‘alabasiga ko‘pchilik ishonch bildirgandi. Endi demokratlar o‘z vakilini o‘zgartiryapti. Bu esa saylovoldi poygasi yanada qizg‘in bo‘lishini anglatadi. So‘nggi so‘z esa 6 noyabrda aytiladi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Jo Bayden Kamola Xarris

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing