Rossiya Zaporoje AES bo‘yicha BMTdan shoshilinch yig‘ilish talab qildi
Olam
−
22 avgust 2022
9024Rossiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik kengashidan ertaga, 23 avgust kuni favqulodda yig‘ilish o‘tkazishni so‘radi. Bu haqda bugun, 22 avgust kuni Rossiya Federatsiyasining Jahon tashkilotidagi doimiy vakilining birinchi o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiy o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
"Ukrainaning Zaporoje atom elektr stansiyasiga qarshi davom etayotgan provokatsiyalari munosabati bilan biz BMT Xavfsizlik Kengashining kun tartibidagi "xalqaro tinchlik va xavfsizlikka tahdid" moddasi bo‘yicha shoshilinch yig‘ilish o‘tkazishni so‘radik. Biz BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishdan nutq so‘zlashini so‘radik”, deydi Polyanskiy.
Uning qayd etishicha, 24 avgust kuni Ukraina bo‘yicha G‘arb davlatlari talab qilgan yana bir uchrashuv bo‘lib o‘tadi.
Rossiya mart oyi boshida ZAESni egallab oldi, shundan keyin ukrainalik xodimlar stansiyada ishlashda davom etdi. 5 avgust kuni ukrain matbuoti ruslar ZAESga to‘rt marta o‘q uzgani haqida xabar berdi. So‘nggi kunlarda elektr stansiyasi muntazam ravishda o‘qqa tutilmoqda, bunda Rossiya va Ukraina bir-birini ayblamoqda. Rasmiy Moskvaga ko‘ra, Ukraina bo‘linmalari tomonidan Zaporoje atom elektr stansiyasining o‘qqa tutilishi yadroviy terrorizm akti va bu Chernobildan ham kattaroq falokatga olib kelishi mumkin.
Zaporoje Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi bo‘lib, u Ukrainadagi barcha elektr energiyasining chorak qismini ishlab chiqaradi. Qariyb 6 ming megavatt quvvatga ega ushbu inshoot oltita energiya blokidan iborat. Hozirda atom elektr stansiyasi to‘liq quvvatining 70 foizida ishlaydi.
LiveBarchasi