AQSH Zaporoje AES yaqinidagi hududlarni nazoratga olishni taklif qildi 

Olam

image

AQSH Ukrainadagi sulh doirasida Zaporoje atom elektr stansiyasi atrofidagi hududlarga neytral maqom berishni va ularni Vashington nazoratiga o‘tkazishni taklif qilmoqda. Bu haqda kecha, 20  aprel kuni “The Wall Street Journal” (WSJ) xabar berdi.

Maqolada ushbu nazorat qanday amalga oshirilishi va bu holatda Rossiya tomonidan bosib olingan Zaporoje AESni kim boshqarishi kerakligi haqida aniq ma’lumot berilmagan.

WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish rejasini ishlab chiqish doirasida Zaporoje AES bo‘yicha taklif 17 aprel kuni Parijda Amerika va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralarda Kiyevga topshirilgan. Kiyev bu savolga ehtimol AQSH, Ukraina va Yevropa vakillarining Londonda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvida javob beradi.

Qayd etish joiz, 19 mart kuni Prezidentlar Vladimir Zelenskiy va Donald Tramp o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon muloqoti chog‘ida Ukraina atom elektr stansiyalari va ularni Qo‘shma Shtatlar tomonidan boshqarilishi mumkinligi masalasi ko‘tarilgan edi. O‘shanda Ukraina rahbari muhokama faqat rossiyaliklar tomonidan bosib olingan Zaporoje atom elektr stansiyasi haqida ketayotganini ta’kidlagan edi. Biroq Amerika tomoni suhbatni boshqacha talqin qildi.

“Ushbu stansiyalarga Amerika egalik qilishi ushbu infratuzilma uchun eng yaxshi himoya va Ukraina energetika infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlash bo‘ladi”, deyiladi AQSH Davlat kotibi Marko Rubio va Prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uoltsning qo‘shma bayonotida.

Keyinroq “Reuters” agentligi Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Zaporoje AES ustidan nazoratni muhokama qilmoqchi bo‘lganini ma’lum qildi. O‘shanda Rossiya TIV dunyoda atom elektr stansiyalaridan birgalikda foydalanishga oid misollar yo‘qligini ta’kidlab, ob’ektni Ukraina yoki boshqa davlatga o‘tkazishni istisno qildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Ukraina Zaporoj'e AES

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing