Rossiya yo Ukraina? Erdo‘g‘an kimning tarafidaligini ochiq aytdi
Olam
−
22 fevral 2022 75321 3 daqiqa
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rossiyaning Donetsk va Lugansk deb ataluvchi respublikalarni tan olish qarorini “qabul qilib bo‘lmas” deb atadi.
Erdo‘g‘an Kongo Demokratik Respublikasidan Senegalga ketayotganida unga hamrohlik qilayotgan jurnalistlar bilan suhbatda tomonlarni sog‘lom fikr va xalqaro huquq normalarini hurmat qilishga chaqirdi.
U G‘arbning Ukraina atrofidagi inqirozga munosabatidan noroziligini bildirdi.
“AQSHning Myunxen xavfsizlik konferensiyasi doirasidagi bayonotlari va g‘alati qadamlari nimaga qaratilgani to‘liq aniq emas. Menimcha, Myunxen konferensiyasi NATO tadbiri doirasidan chiqib keta olmadi. Turkiya inqiroz boshidan beri taranglikni kamaytirish zarurligini e’lon qilib, samimiy qadamlar tashladi. Bizning chaqiruvlarimiz juda aniq edi”, deb eslaydi Turkiya rahbari.
Erdo‘g‘an Turkiya TIV bayonotiga e’tibor qaratdi, unga ko‘ra Rossiyaning Donetsk va Lugansk deb ataluvchi respublikalarni tan olish qarori Minsk kelishuvlarini buzish hisoblanadi.
Uning fikricha, Moskvaning qarori Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligining siyosiy birligini ochiqdan-ochiq buzishdir.
“Biz Rossiyaning qarorini nomaqbul deb hisoblaymiz. Biz tomonlarni sog‘lom fikrlashga va xalqaro huquq normalarini hurmat qilishga chaqiramiz”, dedi Prezident Erdo‘g‘an.
Erdo‘g‘an Turkiya Qoradengiz mintaqasi davlati sifatida Rossiya Federatsiyasi va Ukraina o‘rtasidagi keskinlik munosabati bilan bir qator chora-tadbirlarni tayyorlab, amalga oshirayotganini ta’kidladi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning BMT Xavfsizlik kengashi a’zolari, shuningdek, Turkiya va Germaniya ishtirokida yig‘ilish o‘tkazish haqidagi chaqirig‘ini izohlar ekan, Erdo‘g‘an shunday deydi:
“Agar ushbu tashabbus muloqot natijalarini amalga oshirish uchun maydon bo‘lsa, Turkiya unda ishtirok etishga tayyor. Zelenskiyning taklifi ijobiy yondashuvning namoyishidir va agar u qo‘llab-quvvatlansa, biz muhokamalarda qatnashishga tayyormiz”.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 2 fevral kuni Erdo‘g‘an Kiyevga borib, Zelenskiy bilan yopiq eshiklar ortida muloqot o‘tkazib qaytdi. Ushbu uchrashuvda Ukrainada Turkiya bilan hamkorlikda “Bayraktar” uchuvchisiz havo vositalarini ishlab chiqarish kengaytirilishiga kelishildi.
Yakunda OAVga bayonot bergan Erdo‘g‘an Turkiyaning Ukraina, jumladan Qrimning hududiy yaxlitligi va davlat suverenitetini qo‘llab-quvvatlash masalasidagi pozitsiyasi o‘zgarmas bo‘lib qolayotganini urg‘ulagan.
Ukrainadan qaytishda jurnalistlar bilan muloqot qilgan Erdo‘g‘an, Agar Rossiya Kiyev bilan keskinlikni kamaytirishda Turkiyaning vositachiligini ma’qullasa va Vladimir Putin Ukraina Prezidenti bilan uchrashuv taklifini qabul qilsa, Zelenskiy o‘sha zahoti Turkiya rahbari aytgan joyga yetib kelishga tayyorligini bildirdi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr