Rossiya Yaponiyani sanksiyalar uchun jazoladi
Olam
−
22 mart 2022
50930Yaponiya Ukrainadagi vaziyat tufayli Rossiyaga qarshi bir tomonlama cheklovlar kiritgani munosabati bilan Moskva Tokio bilan tinchlik shartnomasi bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatdi. Bu haqda RF Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan bayonotda aytilgan.
“Ukrainadagi vaziyat munosabati bilan Yaponiya tomonidan Rossiyaga nisbatan joriy etilgan bir tomonlama cheklovlarning ochiq-oydin nodo‘stona ekanini hisobga olib, quyidagi choralar ko‘rilmoqda. Rossiya tomoni hozirgi sharoitda Yaponiya bilan tinchlik shartnomasi bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish niyatida emas, chunki ochiqdan-ochiq nodo‘stona pozitsiyani egallagan va bizning manfaatlarimizga zarar yetkazishni maqsad qilgan davlat bilan ikki tomonlama munosabatlar bo‘yicha fundamental hujjat imzolanishini muhokama qilishning iloji yo‘q”, deya ta’kidangan diplomatik idora bayonotida.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, Rossiya va Yaponiya o‘rtasida 1991 yilda imzolangan va kunchiqar mamlakat fuqarolarining Kuril orollariga vizasiz borishiga imkon beruvchi kelishuv hamda 1999 yilda imzolangan va muqaddam Janubiy Kuril orollarida yashagan yaponiyaliklarning tug‘ilib o‘sgan yeriga borishini maksimal darajada yengillashtiruvchi bitimlar to‘xtatildi. Rossiya tomoni, shuningdek, Kuril orollarida qo‘shma iqtisodiy faoliyatni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Yaponiya bilan muloqotdan chiqib ketmoqda va sohaviy muloqotda Yaponiyaning Qora dengiz iqtisodiy hamkorlik tashkiloti hamkori maqomining uzaytirilishini bloklab qo‘ygan.
“Ikki tomonlama hamkorlik va Yaponiya manfaatlariga yetkazilgan zarar uchun barcha javobgarlik o‘zaro manfaatli hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilikni rivojlantirish o‘rniga ataylab Rossiyaga qarshi yo‘nalishni tanlagan rasmiy Tokio zimmasiga tushadi”, deyiladi TIV bayonotida.
Yaponiyaning RFga qarshi sanksiyalari
Yaponiya avvalroq Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli Rossiya Federatsiyasiga qarshi bir nechta sanksiyalar paketini joriy qilgan edi. Xususan, gap 300 nomdagi tovar va texnologiyalarni yetkazib berishni taqiqlovchi eksport cheklovlari haqida bormoqda. Bunga yarimo‘tkazgichlar, dengiz va aviatsiya xavfsizligini ta’minlash uskunalari, telekommunikatsiya uskunalari, aloqa vositalari, harbiy mahsulotlar, jumladan, qurol-yarog‘, dasturiy ta’minot va neftni qayta ishlash uskunalari kiradi. Bunday cheklovlar Rossiya Federatsiyasining 49 ta kompaniya va tashkilotiga, jumladan, “Rosoboroneksport” OAJ, “Rostex”, Federal xavfsizlik xizmati va Tashqi razvedka xizmatiga joriy etildi.
Bundan tashqari, Yaponiya “Otkritiye” banki, Novikombank, “Sovkombank”, VTB, “Rossiya” banki, Promsvyazbank va VEB.RF aktivlarini muzlatib qo‘ydi. Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasi rahbariyatiga, jumladan, Prezident Vladimir Putinga, shuningdek, rossiyalik ishbilarmonlarga nisbatan shaxsiy sanksiyalar joriy etildi.
Ma’lumot o‘rnida, Rossiya 1905 yilda Rossiya-Yaponiya urushidagi mag‘lubiyatdan so‘ng Saxalinning janubiy qismini Yaponiyaga topshirgan. 1945 yil fevral oyida esa Sovet Ittifoqi Yaponiya bilan urushga kirish evaziga Saxalin va Kurill orollarini qaytarib olgan.
LiveBarchasi