Rossiya yana Odessadagi portga hujum qildi

Olam

image

Rossiya Qurolli kuchlari aniq boshqariladigan raketalar bilan Odessadagi kemasozlik zavodi hududiga hujum qilib, dok (kemalarni ta’mirlash uchun port ob’ekti – tahr.)dagi kemani va AQSHdan yetkazib berilgan Harpoon raketalari omborini yo‘q qildi. Bu haqda bugun, 24 iyul kuni Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy vakili general-leytenant Igor Konashenkov ma’lum qildi. 

“Odessa dengiz portida, kemasozlik zavodi hududida dengizda joylashgan yuqori aniqlikdagi uzoq masofali raketalar dokdagi Ukraina harbiy kemasini va AQSH tomonidan Kiyev rejimiga yetkazib berilgan “Harpun” kemaga qarshi raketalari omborini yo‘q qildi”, deydi Konashenkov. 

Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy vakilining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina harbiy-dengiz kuchlarining kema tarkibini ta’mirlash va modernizatsiya qilish korxonasining ishlab chiqarish quvvatlari ishdan chiqarilgan. 

“Maxsus harbiy operatsiya boshlanganidan buyon jami 260 ta samolyot, 144 ta vertolyot, 1605 ta uchuvchisiz uchish apparati, 357 ta zenit-raketa majmuasi, 4156 ta tank va boshqa zirhli jangovar texnika, 763 ta yalpi raketa otish moslamasi, 3196 ta dala artilleriya va minomyotlari, shuningdek, 4457 ta maxsus harbiy texnika yo‘q qilindi”, deydi Konashenkov.

Eslatib o‘tamiz, Ukraina Qurolli Kuchlarining “Janub” operativ qo‘mondonligi 23 iyul kuni ertalab Rossiya harbiylari Odessa dengiz savdo portiga “Kalibr” raketalari bilan hujum uyushtirgani haqida xabar berdi.

Ukraina TIV  hujumga munosabat bildirib, Rossiya raketasi Vladimir Putinning BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning yuziga tupurishidir, deb baholadi.

Ma’lumot uchun, 22 iyul kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Turkiya Milliy Mudofaa vaziri Hulusi Akar va Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu ishtirokida “Don yo‘lagi” hujjati imzolandi. Istanbulda tuzilgan shartnomalar Odessa, Chernomorsk va Yujniy portlaridan don eksportini boshlashni nazarda tutadi.


Maqola muallifi

Teglar

Odessa Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

446

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing