Rossiya yana bir mahsulot eksportini taqiqlamoqchi

Olam

image

Rossiya joriy yilning 1 iyulidan 31 dekabriga qadar mamlakatdan guruch eksport qilishni taqiqlashi mumkin. Tegishli qaror loyihasi Rossiya Federatsiyasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan tayyorlangan va regulation.gov.ru portalida e’lon qilingan.

Hujjatga ko‘ra, eksportni cheklash Rossiya Federatsiyasining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, guruch yormalari uchun ichki narxlarni saqlashga qaratilgan.

Rossiya Federatsiyasida har yili 1 million tonnadan ortiq sholi yetishtiriladi.  (2021 yil – 1 million 076,4 ming tonna, 2020 yil – 1 million 141,8 ming tonna, 2019 yil – 1 million 098,7 ming tonna). 2021 yilda guruch yormalari ishlab chiqarish 503,8 ming tonnani tashkil etdi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligining prognozlariga ko‘ra, 2022 yilda yalpi guruch xomashyosi 1,1 million tonna, sholi yormasi yetishtirish 550 ming tonnani tashkil etishi kerak edi. Biroq, aprel oyida mamlakatning asosiy guruch ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan Krasnodar o‘lkasidagi Fedorovskiy suv inshootida to‘g‘on yuvilib ketdi. Ayni paytda maydonda restavratsiya ishlari olib borilmoqda. 

Rossiya Federatsiyasi har yili 100 ming tonnaga yaqin guruch yormalarini, shu jumladan 20 ming tonnani YeOII mamlakatlariga eksport qiladi.

“Guruch ishlab chiqarishning qisqarishi iste’mol bozorida ichki narxlarning o‘sishi xavfini keltirib chiqaradi. 2022 yil 18 may holatiga ko‘ra, guruch yormasining ichki narxi bir kilogramm uchun 60,7 rublni tashkil etgan edi, biroq bir hafta ichida 3,4 foizga o‘sdi”, deya qayd etilgan hujjatda.

Taqiq kuchga kirsa, YeOII mamlakatlariga yetkazib berish, gumanitar yordam va xalqaro hukumatlararo kelishuvlar bo‘yicha eksport qilinadigan guruchga, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi hududidan tashqarida boshlangan va tugaydigan xalqaro tranzit tashishlarga taalluqli emasligi taxmin qilinmoqda. 

Avvalroq, Hindiston Hukumati ichki ta’minotda uzilishlarga va narxlar oshishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun guruch eksportini cheklashi mumkinligi haqida xabar bergan edik.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Federatsiyasi bug‘doy, javdar, arpa va makkajo‘xori eksportiga vaqtinchalik taqiq o‘rnatgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya eksport guruch

Baholaganlar

757

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing