Rossiya viloyatlaridan birida xorij musiqasini tinglash taqiqlanishi mumkin
Olam
−
25 iyul 2023
4858Rossiyaning Kursk viloyatida jamoat joylarida “do‘st bo‘lmagan” davlatlarning musiqa va qo‘shiqlarini tinglashni taqiqlash taklif qilindi. Bu haqda viloyat Ombudsmani Vladimir Firsov o‘zining “VKontakte”dagi sahifasida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Kursk viloyatining jamoatchilik faollari hamda urush faxriylari jamoat joylari va savdo markazlarida “do‘st bo‘lmagan” davlatlardan bo‘lgan san’atkorlarning musiqa va qo‘shiqlarini qo‘yish hamda tinglashni taqiqlashni taklif qilgan. Ushbu taklif viloyat Ombudsmani Vladimir Firsov tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Bu bo‘yicha tegishli murojaat hokimlikka yuborilgan.
“Bizga Kursk aholisidan rus madaniyatiga nisbatan hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘lish holatlaridan g‘azablangan, jamoat joylari va savdo markazlarida natsizmga homiylik qiluvchi “do‘st bo‘lmagan” mamlakatlarning musiqa va qo‘shiqlari eshittirilishini to‘xtatish talab qilingan murojaatlar kelishda davom etmoqda. Kursklik urush faxriylaridan yangi jamoaviy murojaat (30 dan ortiq imzo) olindi”, deb yozadi Firsov.
Ombudsman “masalaning o‘ta muhimligini, an’anaviy ma’naviy-axloqiy qadriyatlar, madaniyat va tarixiy xotirani muhofaza qilish zarurligi”ni inobatga olib, aholi fikrini qo‘llab-quvvatlab, mutasaddilarga murojaat qilganini ta’kidlagan.
“Aftidan, Kursk viloyatining sanoat qo‘mitalari va vazirliklari nafaqat savdo markazlarining musiqiy asarlari repertuarini, balki shahar kinoteatrlarida namoyish etiladigan badiiy filmlar repertuarini qayta ko‘rib chiqish haqida ham o‘ylashlari kerak”, deya qo‘shimcha qiladi u.
Ma’lumot uchun, Rossiyaga “do‘st bo‘lmagan” davlatlar ro‘yxati 2022 yilning 29 oktyabrida shakllantirilgan bo‘lib, unga 49 ta davlat, jumladan, butun Yevropa Ittifoqi, AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya, Shveysariya, Yaponiya, Singapur, Koreya, Tayvan (tan olinmagan) kabi mamlakatlar kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada jinsni o‘zgartirish taqiqlangandi.
LiveBarchasi