Rossiyada jinsni o‘zgartirish taqiqlanishi mumkin
Olam
−
13 iyul 2023
11356Bugun, 13 iyul kuni Rossiya Davlat Dumasi mamlakatda jinsini o‘zgartirishga qaratilgan tibbiy aralashuvlarni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu qonun loyihasi Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin boshchiligidagi barcha beshta fraksiya deputatlari palataga may oyida taqdim etgan va Duma hujjatni iyun oyida birinchi o‘qishda qabul qilgan.
Tashabbusga ko‘ra, “Rossiya Federatsiyasida fuqarolarning sog‘lig‘ini muhofaza qilish asoslari to‘g‘risida”gi qonunni tibbiy aralashuvlar, shuningdek, jinsni o‘zgartirishga qaratilgan dori vositalaridan foydalanishni taqiqlovchi yangi modda bilan to‘ldirish taklif qilinmoqda.
Shu bilan birga, taqiq tug‘ma anomaliyalar va nuqsonlarni hamda bolalarda jinsiy a’zolar shakllanishining buzilishi bilan bog‘liq bo‘lgan genetik va endokrin kasalliklarni davolash bilan bog‘liq tibbiy aralashuvlarga taalluqli emas.
Qonun loyihasi yakuniy ma’qullangandan so‘ng, Rossiyada transgenderga o‘tish va tegishli gormon terapiyasini amalga oshirish bo‘yicha operatsiyalar, shuningdek, hujjatlardagi gender belgisini almashtirish taqiqlanadi.
Jinsini o‘zgartirgan odamlarga bevosita tibbiy yordam ko‘rsatishni taqiqlashdan tashqari, Davlat Dumasi quyidagi cheklovchi choralarni tasdiqladi:
• FHDYO organlari jinsiy o‘zgarishi to‘g‘risidagi tibbiy ma’lumotnomalar asosida shaxsning hujjatlariga o‘zgartirishlar kirita olmaydi;
• Turmush o‘rtoqlardan biri yoki ikkalasi tomonidan jinsni o‘zgartirish nikohni bekor qilish uchun asos bo‘ladi;
• O‘z jinsini o‘zgartirgan shaxslar uchun bolalarni asrab olish va ularga vasiylik o‘rnatishni taqiqlash joriy etiladi.
Uchinchi o‘qish 14 iyulga belgilangan. Ikkinchi o‘qishda qonun loyihasi bir ovozdan ma’qullangan, uni 391 deputat qo‘llab-quvvatlagan.
LiveBarchasi