Rossiya va Ukraina yana askarlar jasadini almashdi
Olam
−
18 aprel
3233Bugun, 18 aprel kuni Rossiya va Ukraina halok bo‘lgan harbiylarning jasadlarini almashdi. Bu haqda Ukrainaning asirlar bilan ishlash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi shtabi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Ukraina 909 jasadni qaytarib olgan. Halok bo‘lgan askarlar Kuraxov, Pokrov, Baxmut, Ugledar, Lugansk, Xarkov, Zaporoje va Sumi yo‘nalishlarida jang qilgan. Ba’zi jasadlar esa Rossiya o‘likxonalaridan qaytarilgan.
“Qurbonlarning shaxsi huquq-tartibot idoralari tergovchilari tomonidan Ichki ishlar vazirligining ekspert muassasalari bilan birgalikda qisqa vaqt ichida aniqlanadi”, deyiladi Ukraina tomoni bayonotida.
O‘z navbatida, Rossiyaga 41 jasad topshirilgan. Askarlarning aynan qaysi hududda jang olib borgani ochiqlanmagan.
Qo‘shimcha qilinishicha, navbatdagi almashinuv Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi vositachiligida amalga oshirilgan. Kiyev tomoni ushbu yordami uchun qo‘mitaga o‘z minnatdorligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, oldingi safar Ukraina hukumati Rossiya tomoniga 43 askarning jasadini topshirgandi. Bunga javoban esa rossiyaliklar Ukrainaga 909 jasadni qaytarib bergan.
LiveBarchasi