Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi sulh tugadi
Olam
−
12 may 3240 2 daqiqa
G‘alaba kuniga bag‘ishlangan vaqtinchalik sulh 12 may yarim tunda yakunlandi.
Sulh 8–11 may kunlari amal qildi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bu tashabbusni 29 aprel kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali muloqot chog‘ida ilgari surgan edi. Kreml va Rossiya Mudofaa vazirligiga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari o‘t ochishni to‘xtatish tartibiga qat’iy rioya qilgan.
Avvalroq, Donald Tramp Moskva va Kiyev o‘rtasidagi sulh 9, 10 va 11 may kunlarigacha uzaytirilishini ma’lum qilgan edi. Keyinchalik Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov Moskva bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaganini aytgan. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham bu ma’lumotni tasdiqlagan.
Vladimir Putin 9 may kuni Trampning taklifini “insoniy va asosli tashabbus” deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror natsizm ustidan qozonilgan umumiy g‘alabaga hurmat belgisi bo‘lgan.
Ukraina tomoni esa 6 may yarim tundayoq “jimlik rejimi”ga tayyorligini bildirgan va “oyna kabi javob” tamoyili asosida harakat qilishini aytgan.
Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning bildirishicha, 11 maydan keyin sulhni uzaytirish bo‘yicha hech qanday kelishuv bo‘lmagan. Yuriy Ushakov ham buni tasdiqlagan.
Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, sulh davrida Ukraina tomonidan 23 802 ta qoidabuzarlik holati qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin joriy yilning 9 may kuni G‘alaba kuni munosabati bilan Moskvaga kelgan xorijiy liderlar bilan ikki tomonlama uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha jurnalistlar bilan muloqotda Ukrainadagi mojaro yakunlanishga yaqinlashayotganini aytgandi.
Live
Barchasi