Rossiya va MO davlatlari “Krokus terakti” ortidan hamkorlikni kuchaytirmoqchi
Olam
−
13 aprel
6257“Krokus Siti Holl”dagi terakt munosabati bilan Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari terrorizmga qarshi kurashda hamkorlikni kengaytirish niyatida. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning Minskda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonlik mavqedoshlari o‘rtasida o‘tgan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha Rossiya TIV tarqatgan xabarda so‘z borgan.
“Uchrashuvning barcha ishtirokchilari Moskva yaqinidagi “Krokus Siti Holl” konsert zalida sodir etilgan teraktni keskin qoraladilar va Rossiya tomoniga samimiy hamdardlik bildirdilar. Shu nuqtai nazardan vazirlar Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida xalqaro terrorizmga qarshi murosasiz kurashda, jumladan, ixtisoslashgan ko‘p tomonlama platformalarda, xususan, MDH aksilterror markazi va SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi doirasidagi hamkorlikni izchil kengaytirish tarafdori bo‘lishdi”, deyiladi Tashqi ishlar vazirligi xabarida.
Vazirlar 2022 yil 14 oktyabrda Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan “Rossiya-Markaziy Osiyo” birinchi sammiti yakunlari bo‘yicha o‘zaro hamkorlikning borishini batafsil muhokama qilgan.
“Iqtisodiyot, energetika, transport, tibbiyot, ekologiya, madaniyat va ta’lim sohalarida olti tomonlama hamkorlikka ko‘maklashuvchi tegishli tadbirlar ro‘yxati ustida ishlashni yakunlash zarurligi ta’kidlandi”, deyiladi bayonotda.
Shu bilan birga, tomonlar Rossiyaning ekologik xavflarni bartaraf etish, suv sohasini yuqori texnologiyali rivojlantirish, suvni tejovchi ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga ko‘maklashish bo‘yicha takliflariga qiziqish bildirgan.
“Mintaqaviy xavfsizlik masalalari, birinchi navbatda, qo‘shni Afg‘onistondagi inqirozli vaziyat va ular bilan bog‘liq Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya uchun xavflar ko‘rib chiqildi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, 22 mart kuni Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Holl”ning konsert zalida bir guruh qurollangan shaxslar otishma boshlagan, keyin esa o‘t qo‘ygan. ISHIDning "Viloyat Xuroson" nomli yacheykasi hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Rossiya rasmiylari terakt ortida Ukraina turganini da’vo qilmoqda. FXX dastlab teraktga aloqadorlikda gumon qilingan 11 kishini qo‘lga olganini ma’lum qildi. Hibsga olinganlardan to‘rt nafari Tojikiston fuqarosi haqida xabar berildi. FXX 31 mart kuni Dog‘istonda terakt tayyorlashda gumon qilingan to‘rt nafar xorijlikni qo‘lga oldi. Hibsga olinganlardan biri terakt ishtirokchilariga qurol va pul berganini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Moskva sudi "Krokus" konsert zaliga hujum qilishda ayblangan yana bir Tojikiston fuqarosi Yoqubjon Yusufzodani hibsga olgandi. Keyinchalik FXX xodimlari Moskva, Yekaterinburg va Omsk shaharlarida teraktga aloqadorlikda gumon qilingan uch nafar shaxsni qo‘lga oldi.
LiveBarchasi