Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizlik kengashlari kotiblari uchrashdi
Olam
−
23 iyun 2023
5878Qozog‘istondagi Olmaota shahrida Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizlik kengashlari kotiblarining uchrashuvi boshlandi. Bu haqda bugun, 23 iyun kuni Rossiya Xavfsizlik kengashi apparati Matbuot xizmatiga tayanib, TASS xabar berdi.
Mazkur yig‘ilish ushbu formatdagi birinchi xavfsizlik uchrashuvidir. Ilgari Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari va Tashqi ishlar vazirlari darajasida uchrashuvlar o‘tkazilgan. Bugungi tadbirda esa xavfsizlik kengashlari kotiblari zamonaviy sharoitda Markaziy Osiyo mintaqasi va Rossiya xavfsizligini ta’minlash masalalari muhokama qilgan.
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ham yig‘ilish ishtirokchilariga videomurojaat yo‘llagan hamda Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash sohasida sifat jihatidan yangi yondashuvlarni ishlab chiqish zarur ekanini aytgan.
“O‘ylaymanki, hozirgi bosqichda axborot almashinuvini kengaytirish va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash sohasida muvofiqlashtirishni oshirish bo‘yicha alohida chora-tadbirlar yetarli emas. Vaqt sifat jihatidan yangi integratsiyalashgan yondashuvlarni shakllantirishni talab qiladi. Ishonchim komilki, mazkur uchrashuv buning uchun yaxshi zamin yaratadi, degan Prezident To‘qayev.