Rossiya va AQSH delegatsiyasi Istanbulda nima haqida gaplashdi?
Olam
−
28 fevral 5430 2 daqiqa
Kecha, 27 fevral kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan Rossiya-Amerika uchrashuvi yuzasidan AQSH Davlat departamenti bayonot berdi.
Xabar qilinishicha, uchrashuv diplomatik missiyalar faoliyati bilan bog‘liq masalalarga bag‘ishlangan.
Amerika Qo‘shma Shtatlarining bayonotida aytilishicha, ushbu muhokamalar natijasida tomonlar diplomatik missiyalar faoliyatini barqarorlashtirish bo‘yicha aniq dastlabki qadamlarni belgilab olgan.
Davlat departamentining ta’kidlashicha, AQSH bank va shartnoma xizmatlaridan foydalanish, shuningdek, AQSHning Moskvadagi elchixonasi xodimlarining barqaror darajasini ta’minlash zaruratidan xavotir bildirgan.
Shuningdek, Davlat departamenti izohida Istanbuldagi muzokaralarda Amerika delegatsiyasiga AQSH Davlat kotibi yordamchisi o‘rinbosari Sonata Koulter, Rossiya delegatsiyasiga esa Tashqi ishlar vazirligi Shimoliy Atlantika departamenti direktori Aleksandr Darchiyev boshchilik qilgani ma’lum bo‘lgan.
“Davlat kotibi yordamchisi o‘rinbosari Koulter va elchi Darchiyev yaqin vaqt ichida ushbu masalalar bo‘yicha navbatdagi uchrashuv o‘tkazishga kelishib oldi, enda sana, joy va vakillik belgilanishi kerak”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, kecha, 27 fevral kuni Istanbulda Rossiya va AQSH vakillari o‘rtasidagi muzokaralar 6 soatdan ortiq davom etgandi. Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasi muzokaralar olib borilayotgan Amerika bosh konsuli qarorgohini izohsiz tark etgan.
Eslatib o‘tamiz, 18 fevral kuni Saudiya Arabistoni poytaxtida bo‘lib o‘tgan Rossiya va Amerika delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralar natijalariga ko‘ra Rossiya Federatsiyasi va AQSH Prezidentlarining ehtimoliy uchrashuvi muhokama qilingan, tomonlar Rossiyaning Ukrainadagi urushini tugatish masalasini muhokama qilish uchun muzokarachilarni tayinlashga ham kelishib olgandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr