Rossiya o‘zbekistonlik o‘qituvchiga mamlakatga kirishni taqiqlamoqchi

Jamiyat

image

Rossiyaning Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, chet eldagi vatandoshlar va xalqaro gumanitar hamkorlik bo‘yicha federal agentligi (Rossotrudnichestvo) rasmiylardan Toshkentdagi maktabda o‘quvchini urgan o‘qituvchining Rossiya Federatsiyasiga kirishini taqiqlash imkoniyatini ko‘rib chiqishni so‘radi. Bu haqda agentlik rahbari Yevgeniy Primakov ma’lum qildi.

“Rossotrudnichestvo vakolatli organlarga ushbu “rusofob” shaxsning Rossiyaga kirishini taqiqlash imkoniyatini ko‘rib chiqishni so‘rab murojaat qiladi. Na bu shaxs, na uning yaqin qarindoshlari... Ular hech qachon Rossiyada ta’lim olmaydi, stajirovkalarda qatnashmaydi va o‘zlari uchun hech qanday imkoniyatga ega bo‘lmaydi, chunki ular Rossotrudnichestvo tomonidan umrbodga hisobga olinadi”, deydi u.

Primakovga ko‘ra, Rossotrudnichestvo tomonidan maktab o‘quvchisini kaltaklashni qo‘llab-quvvatlovchi ushbu voqealardagi har qanday boshqa shaxslarga nisbatan, xususan ta’lim muassasasi rahbariyatiga ham, agar ular bu holatni yashirsa yoki tegishli ma’muriy choralar ko‘rmasa, xuddi shunday chora-tadbirlarni qo‘llaniladi.

O‘zi nima bo‘lgan edi?

Joriy yilning 23 sentyabr kuni Chilonzor tumanidagi 188-sonli umumta’lim maktabida 6-sinfida rus tili fani darsida o‘qituvchi R.O.ga o‘quvchi E.G. gap qaytargan va tortishib qolgan.

So‘ngra o‘qituvchi R.O. o‘quvchi E.G.ni qulog‘idan cho‘zgan, o‘tirgan joyidan tortib olib chiqqan va o‘quvchining yuziga tarsaki tushirgan. Mazkur voqea videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Xususan, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova O‘zbekistondan yuz bergan hodisaga huquqiy baho berishni va bolaga nisbatan shafqatsizlik qilgan aybdorga qarshi choralar ko‘rishni so‘rab, mazkur masala diqqat-e’tibor markazida tutishini bildirdi.

Shundan so‘ng, bir qator O‘zbekistonlik rasmiylar, xususan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari Alisher Qodirov,  O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy komunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanovlar Mariya Zaxarovaning talabiga munosabat bildirib, O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashmaslikni, uni mamlakatni o‘zi o‘z qonunlari doirasida hal qilishini aytdi.

Bunga javoban, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekistonning Moskvadagi elchisi Botirjon Asadovga umumiy fuqarolik va diplomatik odob-axloq qoidalariga rioya qilishga qaratilgan taqdimnoma kiritdi.

Kecha, 26 sentyabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashdi. Suhbat davomida davlatlar bir-birlarining ichki ishlariga aralashmaslik tamoyiliga amal qilishi muhimligi ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyida O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja o‘z intervyusida bir mamlakatda yashab turib, uning tilini bilmaydiganlarni “bosqinchi yoki ahmoq” deya atagandiO‘shanda ham Rossotrudnichestvo rahbari Yevgeniy Primakov jurnalist bilan har qanday aloqalar to‘xtatilishi va uning o‘zi, qarindoshlariga Rossiyaga kirish taqiqlanishi mumkinligini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya O'zbekiston o'qituvchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing