Rossiya urushda og‘ir yo‘qotishlarga uchragani aytildi
Olam
−
05 iyul 2023
24191Rossiya armiyasi Ukrainadagi jangovar salohiyatining yarmini, jumladan, 2500 tankini yo‘qotdi va Kiyev qarshi hujumining asosiy zarbasi hali oldinda. Bu haqda Buyuk Britaniya Qurolli Kuchlari rahbari admiral Toni Radakinga tayanib, Britaniyaning nufuzli “Financial Times” gazetasi xabar berdi.
Nashrning yozishicha, admiral Radakin Ukrainaning qarshi hujumi sekin ketayotgani haqidagi gaplarni rad etgan. Uning aytishicha, Moskvaning agressiyasini qaytarish "hech qachon bir martalik harakat bo‘lmagan" va Kiyevning dushmanni "yo‘q qilish, cho‘zish (mudofaa) va zarba berish" harbiy strategiyasi asta-sekin Rossiya mudofaa chizig‘ini yo‘q qilmoqda.
Toni Radakinning tan olishicha, Rossiya minalangan maydonlarining “kutilganidan yuqori” zichligi, oldinga siljib borayotgan Ukraina bo‘linmalari uchun havo qatlamining yo‘qligi va Kiyev so‘ragan barcha harbiy texnikaning yetkazib berilmagani qarshi hujum jarayonini murakkablashtiradi. Ammo u, shuningdek, Ukrainani ma’lum bir vaqt qolipiga solish adolatdan emasligini va "Rossiya hozir shu qadar sifligi sabab, uning (o‘z) qarshi hujumga kuchi yo‘qligini" ta’kidladi.
“Rossiya o‘zining jangovar qobiliyatining deyarli yarmini yo‘qotdi. O‘tgan yili u 10 million artilleriya snaryadlarini otgan, hozir esa, eng yaxshi holatda, yiliga 1 million snaryad ishlab chiqarishi mumkin. U 2500 ta tankni yo‘qotdi va yiliga eng yaxshi holatda 200 ta (yangi) tank ishlab chiqarishi mumkin”, deya Britaniya admiralining so‘zlaridan iqtibos keltirgan “Financial Times”.
Buyuk Britaniya Ukrainaga AQSHdan keyin ikkinchi yirik harbiy yordam yetkazib beruvchi hisoblanadi. London Kiyevni zamonaviy harbiy texnika, jumladan, Challenger tanklari va uzoq masofaga uchuvchi Storm Shadow qanotli raketalari bilan ta’minlamoqda.
Britaniya parlamentidagi qator tinglovlarda admiral Toni Radakin mamlakat Qurolli Kuchlarining jangovar salohiyatini kuchaytirish, milliy qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar ishlab chiqarishni ko‘paytirish zarurligini ta’kidladi. Buyuk Britaniyaning yillik mudofaa byudjeti hozirda 50 milliard funt sterling atrofida.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 iyul kuni Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu yangi hisobot bilan chiqib, Ukraina so‘nggi bir oy ichida 2,5 mingga yaqin turli qurollarini yo‘qotgani, Rossiya Qurolli Kuchlari Janubiy Donetsk, Zaparoje va Donetsk yo‘nalishlarida 15 ta samolyot, 3 ta vertolyot va 920 ta zirhli texnikani yo‘q qilganini aytgan edi. Uning aytishicha, Ukraina uchun Polsha va Portugaliya tomonidan yetkazib berilgan hamma Leopard tanklari yo‘q qilingan.
LiveBarchasi