Rossiya urush jinoyatlari, jinsiy zo‘ravonlik va qirg‘in uchun javobgar – BMT komissiyasi
Olam
−
19 Oktabr 2022
8294Ukrainada urush jinoyatlari va inson huquqlari va xalqaro gumanitar huquqning boshqa jiddiy buzilishi holatlari sodir etilgan. Bu haqda BMT Mustaqil xalqaro komissiyasi vakili Erik Myose BMT Bosh Assambleyasi 77-sessiyasi uchinchi qo‘mitasi delegatlari ko‘rib chiqish uchun Ukraina bo‘yicha hisobotni taqdim etar ekan, ma’lum qildi.
Kiyev, Chernigov, Xarkov va Sumi viloyatlaridagi fojiali voqealar
Fevral oyi oxiridan beri komissiya a’zolari Kiyev, Chernigov, Xarkov va Sumi viloyatlaridagi voqealarni o‘rganmoqda. Komissiya Rossiya harbiy kuchlari tomonidan zarba berilgan aholi punktlarida portlovchi qurollar qo‘llanilgan tartibsiz hujumlar holatlarini hujjatlashtirgan. Komissiya shuningdek, Rossiya Qurolli kuchlari otash halqasidan qochishga uringan tinch aholiga hujum qilganini aniqladi.
“Ukrainaning tinch aholisi uchun bu qonunbuzarliklarning oqibatlari juda katta. O‘lganlar soni minglab. Infratuzilmaning vayron bo‘lish ko‘lami dahshatli”, deydi komissiya raisi Erik Myose.
Komissiya a’zolari qurolli to‘qnashuvning har ikki tomoni turli darajada bo‘lsa-da, aholi zich joylashgan hududlarga yoki ularga yaqin joyda harbiy maqsadlar va kuchlarni joylashtirish orqali tinch aholi yoki fuqarolik ob’ektlarini hujumlar ta’siridan himoya qila olmagani haqida dalillar to‘pladi.
Hisobot xulosalaridan biri shundaki, Rossiya Qurolli kuchlari aniqlangan qonunbuzarliklarning katta qismi, jumladan, urush jinoyatlari uchun javobgardir. Ayrim hollarda Ukraina kuchlari ham xalqaro gumanitar huquqni buzgan. Xususan, Ukraina kuchlari ishtirokida sodir bo‘lgan ikkita hodisa urush jinoyati sifatida baholandi.
Komissiya Rossiya Qurolli kuchlari tomonidan ishg‘ol qilingan to‘rt viloyat – Kiyev, Chernigov, Xarkov va Sumida o‘zboshimchalik bilan ommaviy qatl qilish, noqonuniy hibsga olish, qiynoqlar, shafqatsiz muomala, zo‘rlash va jinsiy zo‘ravonlikning boshqa shakllarini hujjatlashtirdi.
Hisobotda odamlarning hibsga olinishi haqida so‘z boradi, ularning bir qismi Rossiya Federatsiyasiga noqonuniy ravishda deportatsiya qilingan. Ko‘pchilik hali ham nom-nishonsiz ketganlar ro‘yxatida qolmoqda.
Hisobotda jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarga urg‘u berilgan. Komissiya qarindoshlari, jumladan, bolalar o‘z yaqinlarining zo‘rlanishini kuzatishga majbur bo‘lgan holatlarni aniqladi.
Jinoyatlar jazosiz qolmasligi kerak
Bu jinoyatlarning barchasi jazosiz qolmasligi kerak, deydi komissiya mutaxassislari. Omon qolgan qurbonlar va ularning oilalari adolat qaror topishi zarurligini bir necha bor bildirgan.
“Avval men aybdorlarni topib, ularni o‘ldirmoqchi edim. Lekin hozir men aybdorlar javobgarlikka tortilishini va hamma haqiqatni bilishini istayman”, deydi o‘g‘li Buchada o‘ldirilgan erkak Komissiya a’zolari bilan suhbatda.
Komissiya a’zolari o‘z vakolatlariga ko‘ra, jinoyat sodir etgan shaxslarni aniqlashda yordam berishga harakat qilishga va’da berishdi.
Komissiya tergovni davom ettiradi
Komissiya a’zolari 27 ta shahar va aholi punktlarida bo‘ldi. Ular 190 dan ortiq jabrlanuvchi va guvohlar bilan suhbatlashdi. Komissiya tergovchilari vayronagarchilik, dafn etish joylari, qamoqxonalar va qiynoqlar, shuningdek, qurol-yarog‘ qoldiqlarini ko‘zdan kechirdi, ko‘plab hujjatlar va bayonnomalar bilan tanishdi.
Komissiya to‘rt viloyat – Kiyev, Chernigov, Xarkov va Sumida sodir etilgan huquqbuzarliklarga alohida e’tibor qaratgan holda, kengroq geografik va tematik tekshiruvlar uchun asta-sekin ko‘proq resurslar ajratadi.
Kelgusida Komissiya a’zolari filtratsiya lagerlarida huquqbuzarliklar, odamlarning majburiy ko‘chirilishi haqidagi xabarlarni hamda bolalarni asrab olish/farzandlikka olishning tezlashtirilgan tartibi haqidagi xabarlarni tekshirish niyatida. Ular mahalliy ma’muriyatlarda hokimiyat almashish va referendumlar o‘tkazish jarayonlarining barcha holatlarini belgilaydi.
Komissiya o‘z ishida mustaqillik va xolislik tamoyillariga amal qiladi va tegishli hukumatlar bilan hamkorlik va muloqotga intiladi.
BMTning Ukrainadagi huquqbuzarliklarni tekshirish bo‘yicha mustaqil xalqaro komissiyasi BMT Inson huquqlari kengashi tomonidan tashkil etilgan mustaqil organ hisoblanadi. Unga, jumladan, Rossiya Federatsiyasi tomonidan Ukrainaga qarshi tajovuz kontekstida inson huquqlarining har turdagi buzilishi va xalqaro gumanitar huquqning buzilishi, shuningdek, ular bilan bog‘liq jinoyatlarni tekshirish vazifasi yuklatilgan.
LiveBarchasi