Rossiya Ukrainani ZAESda texnogen fojia tayyorlashda aybladi

Olam

image

Rasmiy Kiyev ertaga, 19 avgust kuni BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning Ukrainaga tashrifi chog‘ida Zaporoje atom elektr stansiyasida (ZAES) rezonansli provokatsiyani amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda bugun, 18 avgust kuni Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi (MO) rasmiy vakili, general-leytenant Igor Konashenkov ma’lum qildi.

“19 avgust kuni Kiyev rejimi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning Ukrainaga tashrifi chog‘ida Zaporoje atom elektr stansiyasida rezonansli provokatsiya tayyorlamoqda, buning natijasida Rossiya Federatsiyasi AESda texnogen falokat yaratishda ayblanadi”, deya iddao qilgan u.

Uning ma’lum qilishicha, Ukraina Qurolli kuchlarining 44-brigadasi (UQK) bo‘linmalari Nikopol shahrida joylashgan o‘q otish pozitsiyalaridan ZAES hududiga artilleriya zarbalarini berishni rejalashtirmoqda. 

“Ularning oqibatlari uchun ayb Rossiya Qurolli Kuchlariga yuklanadi”, deydi Konashenkov.

Shu bilan birga, Rossiya Mudofaa vazirligi vakilining so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli Kuchlarining radiatsiya, kimyoviy va biologik himoya kuchlarining 704-polkining bo‘linmalari Zaporoje AES hududida to‘planishga tayyorlanmoqda. Ularga Kiyev tomonidan uyushtirilishi aytilayotgan ehtimoliy provokatsiyani qayd etish vazifasi qo‘yilgan.

Konashenkov ZAESda provokatsiya uyushtirilishi haqidagi iddaolariga hech qanday dalil keltirmagan.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 18 avgust kuni Ukrainaning Lvov shahrida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ishtirokida uch tomonlama yig‘ilish o‘tkazilishi rejalashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

51

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing