Rossiya Ukrainani elektrsiz qoldirmoqchi. Ukraina janubida shiddatli janglar davom etmoqda
Olam
−
09 noyabr 2022
8986Sharqiy Yevropa davlatlari ukrainalik qochqinlarning ehtimoliy to‘lqiniga hozirlik ko‘rmoqda. Chunki Rossiya qish oldidan elektr va issiqlik stansiyalarini nishonga olmoqda. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 4 millionga yaqin odam allaqachon elektrsiz qolganini aytgan. Bu haqda “Reuters” agentligi yozmoqda.
Zelenskiyning aytishicha, 14 viloyat va poytaxt Kiyev elektr ta’minotisiz qolgan. Ukrainaning elektr tarmoqlari operatori “Ukrenergo” elektr energiyasining soatlik uzilishlari butun mamlakatga ta’sir qilishini ma’lum qilgan.
Rossiya Ukarinaning energetika infratuzilmasini raketalar va dronlar yordamida nishonga olishni to‘xtatmayapti. Bu esa qishda havo harorati minus 20 darajagacha sovib ketadigan mamlakat aholisining ahvolini og‘irlashtirib qo‘yishi mumkin. Hozirning o‘zida 6,9 million kishi Ukraina ichida o‘z boshpanalarini tashlab ketgan. Odamlar mamlakatdan chiqib ketib, qochoqqa ham aylanishi mumkin. Slovakiya va Vengriya kabi Sharqiy Yevropa mamlakatlari allaqachon Ukarina aholisini qabul qilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Ukraina kuchlari so‘nggi oylarda qarshi hujumga o‘tmoqda. Rossiya esa o‘tgan oy davomida ming-minglab zahiradagi askarlarni chaqirgan holda, Ukrainada o‘zi hamon egallab turgan hududlarini himoya qilish uchun qaytadan kuch yig‘moqda.
Zelenskiy Ukraina sharqidagi Donetsk viloyati uchun janglarda qo‘shinlari bir santimetr ham taslim bo‘lmasligini aytgan. Rossiya tayinlagan rasmiylar esa Ukraina Qurolli kuchlari janubiy shaharga tanklar bilan kirib kelayotganini ma’lum qilgan. Donetsk sanoat mintaqasidagi Baxmut, Soledar va Avdeyevka shaharlari mojaroning o‘choqlari bo‘lib, bu yerlarda joriy yilning fevral oyi oxirida Rossiya kuchlari Ukrainaga bostirib kirganidan beri eng qaqshatqich janglar sodir bo‘lgan.
Zelenskiy kecha, 8 noyabr kuni o‘zining odatiy tungi murojaatida aytishicha, bosqinchilarning faolligi juda yuqori darajada qolmoqda. Ular har kuni o‘nlab hujumlar uyishtirmoqda.
“Ular favqulodda katta yo‘qotishlarga duchor bo‘lmoqda. Lekin reja o‘zgarmadi. Ya’ni, bizning maqsadimiz Donetsk viloyatining ma’muriy chegarasi bo‘ylab oldinga o‘tish. Biz yerimizning bir santimetrini ham bermaymiz”, degan u.
Kiyevlik harbiy tahlilchi Oleg Jdanov 8 noyabr kuni 21 nafar rossiyalik harbiy xizmatchi Lugansk viloyatidagi Svatovo atrofida Ukraina kuchlariga taslim bo‘lganini aytgan.
“Bechoralar safarbar qilingan. Haqiqatan ham bechoralar. Ular uch kun ichida yeb-ichishga hech narsasi yo‘q bo‘lgan. Albatta, ular taslim bo‘lishga qaror qilishgan”, degan Jdanov
Janubiy shaharlarda shiddatli janglar davom etmoqda
RIA Novosti axborot agentligiga Nikolayev janubidagi Snixurivka shaharchasiga rossiyaliklar tomonidan qo‘yilgan mer Yuriy Barabashov mahalliy aholi tanklarni ko‘rgani va shiddatli janglar davom etayotganini aytgan.
“Ular kun davomida aloqaga chiqib, tanklar harakatlanayotganini va shahar chetida shiddatli janglar ketayotganini aytishdi. Odamlar ushbu shahar markazidagi ko‘chalar bo‘ylab tanklar harakatlanayotganini ko‘rishgan”, degan Snixurivka meri.
Kecha, 8 noyabr kuni kechqurun janubiy Xerson viloyatidagi vaziyat haqida so‘z yuritar ekan, Ukraina harbiylari Rossiya qo‘shinlarini ko‘proq talon-torojda va infratuzilmani vayron qilishda aybladi.
“Kaxova GES to‘g‘onidan maishiy texnika va qurilish materiallari ortilgan yuk mashinalari kolonnasi o‘tib ketdi”, degan ukrain harbiylari.
Shuningdek, Rossiya Qurolli kuchlari uyali aloqa minoralarini demontaj qilib, jihozlarni olib ketayotgani va Berislav shahri yaqinida rus askarlari elektr liniyasini portlatib, quyosh elektr stansiyasidan jihozlar olib ketganini qo‘shimcha qilgan.
Qolaversa, Xerson shahrida rus qo‘shinlari rassom Aleksiy Shovkunenkoga bag‘ishlangan muzeydan eksponatlar, mebel va jihozlarni olib chiqib ketishgan.
Xerson Ukrainaning qisman bosib olingan to‘rt viloyatidan biri bo‘lib, Rossiya uni o‘z tarkibiga qo‘shib olganini aytadi. Rossiya Qrim yarim oroliga boradigan yagona quruqlik yo‘lini ham, Ukrainani ikkiga bo‘luvchi Dnepr daryosining qirg‘og‘ini ham nazorat qiladi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi kelasi haftada Rossiya Ukrainada xalqaro qununlarga xilof xatti-harakatlar natijasida yetkazilgan zararlar, jumladan, har qanday zararni qoplash uchun javobgar bo‘lishi kerakligi haqidagi rezolyutsiya loyihasini ovozga qo‘yishi kerak. Rezolyutsiya matni Ukraina, Kanada, Gvatemala va Niderlandiya tomonidan ilgari surilgan.
193 a’zodan iborat Bosh Assambleyaning to‘rtdan uch qismi mart oyida bo‘lib o‘tgan ovoz berishda Rossiyaning bosqinini tanqid qilgan. Oktyabr oyida esa Rossiyaning Ukrainaga tegishli to‘rtta viloyatni anneksiya qilganini qoralagan edi.
LiveBarchasi