Rossiya ukrainalik jurnalist Yanina Sokolovani qidiruvga berdi
Olam
−
07 avgust 2023
6592Rossiya Ichki ishlar vazirligi ukrainalik jurnalist Yanina Sokolovani qidiruvga berdi. Bu haqda vazirlikning ma’lumotlar bazasida keltirilgan.
“Sokolova Yanina Mixaylovna Jinoyat kodeksining ba’zi moddalari bo‘yicha qidiruvga berilgan”, deyiladi xabarda.
Mart oyida u Rosfinmonitoring tomonidan terrorchilar va ekstremistlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilning martidan mayigacha bo‘lgan davrda u Telegram-kanalida ishonchli xabarlar niqobi ostida Rossiya Qurolli Kuchlarining Ukraina tinch aholisiga qarshi harakatlari haqida ataylab yolg‘on ma’lumot tarqatgan. Shuningdek, jurnalist Donetsk va Lugansk uchuvchilari hamda ularning oila a’zolariga nisbatan zo‘ravonlikka chaqirgani da’vo qilinmoqda.
Unga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 282-moddasi (nafrat yoki adovatni qo‘zg‘atish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi Rossiyada hibsda saqlanayotgan “The Wall Street Journal” jurnalisti Evan Gershkovich umuman hibsga olinmasligi kerakligini, jurnalistika jinoyat emasligini aytgandi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Gershkovichni Amerika tomonining ko‘rsatmasi asosida Rossiya harbiy-sanoat majmuasi korxonalaridan birining faoliyati to‘g‘risida davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni to‘plaganlikda ayblab, hibsga olgan edi. Unga qarshi Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 276-moddasi (josuslik) bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan.
Ma’lumot uchun, u 1986 yildan beri Rossiyada ushbu ayblov bilan hibsga olingan birinchi xorijlik muxbir bo‘ldi. Shuni eslatish zarurki, 2022 yilda Rossiya Federatsiyasida davlatga xiyonat bo‘yicha 24 ta ish qo‘zg‘atilgan, 16 kishi shunday ayblov bo‘yicha sudlangan. 2023 yilning dastlabki olti oyida esa kamida 43 nafar shaxsga ushbu ayblov qo‘yilgan.
LiveBarchasi