Rossiya Ukrainaga yana dron va raketalar bilan hujum qildi

Olam

image

Rossiya qo‘shinlari bugun, 25 iyul kuni Ukrainaga 38 ta Shahed-131/136 jangovar dronlari bilan hujum qildi. Bu haqda Ukraina Harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni Nikolay Oleshuk o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Oleshukning yozishicha, 25 ta dron havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilgan. Odessa viloyatining janubidagi va Ukrainaning markaziy hududlaridagi infratuzilma ob’ektlari hujumga uchragan. Havo hujumidan mudofaa kuchlari Kiyev, Odessa, Xerson, Nikolayev, Sumi, Jitomir va Cherkas viloyatlarida ishlagan.

Oleshuk, shuningdek, Ruminiya bilan davlat chegarasini kesib o‘tgan uchta dron yo‘qolganligini ham ta’kidlab o‘tgan. Biroq, Ruminiya hukumati dron chegarani kesib o‘tganiga hech qanday izoh bermagan.

Odessa viloyati ma’muriyati rahbari Oleg Kiperning aytishicha, mintaqada Ruminiya bilan chegarada joylashgan Izmoil tumani hujumga uchragan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u yerdagi ma’muriy bino qisman vayron bo‘lgan, yong‘in sodir bo‘lgan va u o‘chirilgan. Kiperning qo‘shimcha qilishicha, xususiy uy ustiga vayronalar tushishi oqibatida ikki kishi jarohatlangan, ulardan biri shifoxonaga yotqizilgan.

“Strana” nashrining xabar berishicha, dron hujumi oqibatida Izmoil tumanining Vilkovo shahridagi port inshootlariga zarar yetgan.

Shuningdek, Jitomir viloyatidagi infratuzilma ob’ektiga hujum qilgan dronlar ham urib tushirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Kiyev va Ukrainaning boshqa hududlariga raketa va uchuvchisiz samolyotlar bilan hujum qilgani haqida xabar berilgandi. O‘shanda Ukraina qurolli kuchlari Rossiyaning beshta raketa va 24 ta uchuvchisiz samolyotini urib tushirgandi. Shuningdek, Ukraina ham Rossiyaning to‘rtta viloyatiga dron bilan hujum uyushtirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Ruminiya Shahed Nikolay Oleshuk Vilkovo shahri

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing