Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli hujumga tayyorlanmoqda – NATO

Olam

image

Rossiya Ukrainaga keng miqyosli bosqinni rejalashtirishda davom etmoqda. NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg shunday fikr bildirdi.

“Barcha alomatlar Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosli hujumni rejalashtirishda davom etayotganidan dalolat beradi. Biz harbiy kuchlarning ko‘payishi davom etayotganini ko‘rmoqdamiz. Rossiya ortga qadam tashlashga va’da berdi, lekin mustahkamlashda davom etmoqda. Ko‘ryapmizki, ko‘proq qo‘shinlar o‘z garnizonlaridan chiqmoqda va zarba berishga tayyor”, degan Stoltenberg NATO-Ukraina komissiyasining navbatdan tashqari yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha.

Blok rahbari Kremlning “DXR” va “LXR” deb ataluvchi tashkilotlarni tan olish qarorini qoraladi. 

“Bu Rossiya tomonidan jiddiy eskalatsiya va xalqaro huquqning qo‘pol buzilishi”, degan Stoltenberg.

Eslatib o‘tamiz, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH Prezidenti Jo Bayden ayrim shaxslarning mulkini bloklash va ayrim operatsiyalarni taqiqlovchi farmon qabul qildi. Hujjat DXR va LXRga sarmoya kiritishni, shuningdek, ushbu mintaqalardan har qanday tovarlar, xizmatlar yoki texnologiyalarni Qo‘shma Shtatlarga import qilishni taqiqlaydi.

Bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlarda joylashgan yoki keyinchalik AQSHga kiradigan, DXR va LXR bilan bog‘liq shaxslarga tegishli bo‘lgan barcha mulk va mulkdagi ulushlar bloklanadi.

Rossiya iqtisodiyoti ham Putinning qaroridan larzaga keldi. Gap shundaki, rus birjalarida keskin pasayish kuzatildi. Mamlakat iqtisodi uchun tirgak bo‘luvchi kompaniyalar aksiyalari "quladi".

Shuningdek, Vashington Rossiyaning o‘ziga ham sanksiya kiritdi. Cheklovlar davlat suveren qarzi va banklariga taalluqli bo‘ldi. Uning ortidan Yevropa Ittifoqi, Kanada, Buyuk Britaniya, Avstraliya va Yaponiya ham Moskvaga qarshi iqtisodiy cheklovlar joriy qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

193

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing