Rossiya Ukrainaga 200 dan ortiq dron bilan hujum qildi (video)
Olam
−
13:15 3692 2 daqiqa
Yangi yil kechasida Rossiya harbiylari Ukrainaga qarshi 205 ta dron yordamida keng ko‘lamli hujum uyushtirdi. Bu haqda Ukraina Harbiy-havo kuchlari xabar berdi.
Qayd etilishicha, Volin, Zaporoje, Odessa, Rovno, Sumi, Xarkov va Chernigov viloyatlari hujumga uchragan. 176 ta dron urib tushirilgan, 24 tasi esa 15 ta joyda nishonlarga zarba bergan.
Volin viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Ivan Rudnitskiy hududda muhim infratuzilma ob’ektlariga zarba berilishi oqibatida 103 mingdan ortiq aholi elektr ta’minotisiz qolganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, dronlar Lutsk shahri va Kovel tumanidagi ob’ektlarga tushgan, yong‘inlar kelib chiqqan, biroq jabrlanganlar yo‘q. Kovelda lokomotiv deposi binolariga zarar yetgan.
Odessa viloyatida hujumdan so‘ng yirik yong‘inlar yuzaga kelgan, turar joy binolari shikastlangan. Ukraina Bosh vaziri o‘rinbosari Aleksey Kuleba port ob’ektlari zarba ostida qolganini bildirgan.
“Izmail portida texnikalar shikastlangan. Odessada esa dushman dronlarining bo‘laklari va portlash to‘lqini oqibatida port uskunalari, transport vositalari hamda ayrim infratuzilma ob’ektlariga zarar yetdi”, deydi u.
Jabrlanganlar yo‘q. Shuningdek, Rossiya armiyasi Sumi viloyatidagi Konotop shahrida joylashgan temiryo‘l stansiyasiga zarba bergan, yuk vagonlari shikastlangan.
Chernigov viloyatida Rossiya harbiylari Novgorod-Severskiy shahriga hujum qilgan. Dron turarjoy hududiga tushib, yong‘in chiqqan. Jabrlanganlar haqida ma’lumot yo‘q.
31 dekabr oqshomida Rossiyaning Zaporoje shahriga bergan zarbasi oqibatida besh kishi, jumladan bir nafar o‘smir jarohat olgan. Portlash to‘lqini ko‘p qavatli turarjoy binosi va yengil avtomobillarga zarar yetkazgan.
Xarkov viloyatida Yangi yil kechasida Rossiya harbiylari turar joy sektoriga hujum qilgan. Chuguyiv tumanida ko‘p qavatli va xususiy uylarda yong‘inlar kelib chiqqan. Kupyansk tumanida esa 110 kvadrat metr maydonda xususiy uy, xo‘jalik inshooti va garaj yonib ketgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yil dekabr oyida Ukraina 2022 yilda to‘liq miqyosli urush boshlanganidan beri Rossiya energetika infratuzilmasiga eng ko‘p zarba bergani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi