Rossiya Ukrainaga 135 ta dron bilan hujum qildi
Olam
−
18 Oktabr
4838Bugun, 18 oktyabrga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududiga 135 ta dron bilan hujum qildi. Bu haqda Ukraina harbiy-havo kuchlari ma’lum qildi.
"Dushman Ukrainaga Shahed tipidagi uchuvchisiz samolyotlar va noma’lum turdagi dronlar bilan hujum qilmoqda", deyiladi xabarda.
Uchirishlar yana Kursk, Orel va Primorsko-Axtarsk tumanlaridan amalga oshirildi.
Ukraina Qurolli kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlari Ukrainaning 14 viloyatida 80 ta dronni urib tushirishga muvaffaq bo‘lgan, elektron urush tizimlarining ishlashi natijasida yana 44 ta dron Ukrainaning bir qator viloyatlarida yo‘q qilingan.
Harbiy hisobot e’lon qilingan vaqtda Ukraina havo hududida o‘nga yaqin dron bo‘lgan va ikkitasi Belarusga uchgan.
Kiyev harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Popkoning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari Kiyev va Ukrainaning boshqa hududlari tinch aholi va infratuzilmalariga eng yirik dron hujumlaridan birini amalga oshirgan.
“Kiyevning chekkasidagi havo hududida jangovar ishlar 4,5 soatdan ortiq davom etdi”, deyiladi xabarda.
Poytaxt harbiy ma’muriyati rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Kiyevga uchayotgan barcha dronlar zararsizlantirilgan. Shaharda qurbonlar va vayronalar yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, 7 oktyabrga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Xarkov shahri va viloyatiga boshqariladigan bombali hujumlarni boshlagandi. Xarkovning Shevchenkovskiy tumanidagi o‘rmon bog‘iga boshqariladigan aviabomba qulagan.
LiveBarchasi