Rossiyaning Ukrainadagi hujumlarini qoralovchi yana bir rezolyutsiya qabul qilindi

Olam

image

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari kengashi Rossiyaning harakatlarini qoralovchi rezolyutsiya loyihasini qabul qildi, unda Ukrainadagi inson huquqlari buzilishini tekshirish uchun mustaqil komissiya tuzish ham nazarda tutilgan. 

Jenevada ikki kun davom etgan navbatdan tashqari sessiya yakunida Kengashga kirgan 47 davlatdan 32 tasi rezolyutsiya loyihasini yoqlab ovoz berdi. Ikki davlat qarshi chiqdi, 13 davlat betaraf qoldi. 

Xususan, Rossiya va Eritreya rezolyutsiya loyihasiga qarshi chiqdi, betaraf qolganlar orasida Xitoy va bir qator Afrika davlatlari e’tiborni tortmoqda. 

Shu tariqa hujjat mutlaq ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilindi. 

Rezolyutsiya loyihasida Rossiyaning Ukrainaga hujumi boshlanganidan beri sodir bo‘lgan barcha inson huquqlari va xalqaro huquq buzilishlarini qoralash ko‘zda tutilgan. 

Hujjatda Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlarini Ukraina hududidan zudlik bilan olib chiqib ketish,  xalqaro chegaralarga qaytish va bu mamlakatda inson huquqlari buzilishini tezroq to‘xtatish talablari o‘rin olgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 2 mart kuni BMT Bosh Assambleyasi Rossiyadan Ukrainadagi urushni to‘xtatish va qo‘shinlarini olib chiqishni talab qiluvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Rezolyutsiya uchun 141 davlat yoqlab, besh davlat qarshi ovoz berdi, 35 davlat betaraf qoldi. Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Suriya, Shimoliy Koreya va Eritreya qarshi chiqdi. Betaraf qolganlar – Xitoy, Hindiston, Kuba, Markaziy Afrika Respublikasi, Eron, Iroq, Qozog‘iston, Pokiston, JAR va boshqalar. Ozarbayjon, Turkmaniston va O‘zbekiston ovoz bermagan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

293

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing