Rossiya Ukrainada Yevropa davlatlarining mulozimlari bor poyezdni nishonga oldi
Olam
−
10:40 1418 2 daqiqa
Rossiyaning uchuvchisiz uchish apparatlari kecha, 13 sentyabr kuni Ukraina – Polsha chegarasi yaqinidagi poyezdga zarba berdi. Hujum Buyuk Britaniya va Shvetsiyaning sobiq bosh vazirlari Boris Jonson va Karl Bildt, shuningdek, Yevropa Ittifoqining bir necha davlatlaridan kelgan xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilarni olib ketayotgan diplomatik poyezd stansiyani tark etganidan bir necha daqiqa o‘tib sodir bo‘ldi. Bu haqda Ukraina davlat temir yo‘l operatori “Ukrzaliznitsa” xabar berdi.
Qayd etilishicha, diplomatik poyezd Kiyevda o‘tkazilgan Yalta Yevropa strategiyasi konferensiyasidan qaytayotgan yuqori martabali mehmonlarni olib ketgan. Poyezd belgilangan vaqtdan oldin jo‘natilgan.
“Rossiya dronining asl nishoni aynan diplomatik poyezd bo‘lganining ehtimoli yuqori. Chunki u stansiyani rejalashtirilgan vaqtdan oldin tark etgan”, deyiladi “Ukrzaliznitsa”ning Telegram’dagi xabarida.
Shvetsiyaning sobiq bosh vaziri Karl Bildt hujum videosini X ijtimoiy tarmog‘iga joylashtirgan. Uning aytishicha, zarba berilgan poyezd ular o‘tirgan poyezddan bir necha daqiqa keyin Polsha chegarasi yaqinida harakatlangan.
“Bu bizning poyezdimiz emas, balki Polsha chegara o‘tkazish punkti yaqinida bizdan bir necha daqiqa keyin kelgan poyezd edi. Rossiya droni yaqinlashganda u evakuatsiya qilindi va hech kim jabrlanmadi. Xavfsizlik tizimi juda yaxshi ishladi. Bizning poyezdimizda esa faqat evakuatsiya haqida ogohlantirish berildi”, deb yozgan Bildt.
Ma’lum qilinishicha, Bildt, Jonson va boshqa yo‘lovchilar siyosat, biznes, xavfsizlik va OAV vakillari ishtirokidagi Yalta Yevropa strategiyasi konferensiyasida qatnashish uchun Kiyevda bo‘lgan.
“Ukrzaliznitsa” ma’lumotlariga ko‘ra, hujum vaqtida stansiyada Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq direktori Devid Petreus bo‘lgan yana bir poyezd ham turgan bo‘lgan. Hozircha poyezdlardagi yo‘lovchilar orasida qurbonlar yoki jabrlanganlar haqida ma’lumot berilmagan.
Ukraina davlat temir yo‘l operatori hujumlarning oldini olish maqsadida poyezdlar qatnov jadvalini muntazam ravishda o‘zgartirib borishini bildirgan.
Boris Jonson X ijtimoiy tarmog‘idagi postida Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Polsha chegarasida turgan Ukraina lokomotiviga zarba berish qarorini tanqid qilgan.
“Bu ukrainaliklar har kuni, hatto fuqarolik temir yo‘llarida ham duch kelayotgan tasodifiy va ma’nosiz hujumlarning yana bir ko‘rinishidir”, deb yozgan u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Ukraina bo‘ylab amalga oshirgan havo hujumlarida kamida 10 kishi halok bo‘lib, o‘nlab odam yaralangan edi.
Live
BarchasiIsroil droni G‘azoda avtomobilga zarba berdi
13 sentabr