Rossiya Ukrainaning bir nechta hududlariga zarbalar berdi. Qurbonlar bor
Olam
−
09:54 608 3 daqiqa
Kecha, 12 sentyabr kuni Rossiyaning Ukraina bo‘ylab amalga oshirgan havo hujumlarida kamida 10 kishi halok bo‘lib, o‘nlab odam yaralandi. Bu haqda Ukraina rasmiylari ma’lum qildi.
Ukrainaning Kiyevdan g‘arbda joylashgan Jitomir viloyati gubernatori Vitaliy Bunechko Rossiya zarbasi oqibatida Zvyagel shahridagi oziq-ovqat do‘konida ikki kishi halok bo‘lganini bildirgan. Uning aytishicha, ikkita yoqilg‘i quyish shoxobchasi hamda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonaga zarba berilgan.
Avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat janubi-sharqidagi Zaporoje shahri va o‘zining tug‘ilgan shahri Krivoy Rogga ham hujumlar uyushtirilganini ma’lum qilgan. Zaporoje viloyati gubernatori Ivan Fyodorovning aytishicha, Zaporoje shahri va boshqa aholi punktlariga qilingan zarbalar oqibatida 2 kishi halok bo‘lgan, 11 kishi yaralangan.
Krivoy Rog harbiy ma’muriyati rahbari Aleksandr Vilkul esa shaharga kechasi dronlar va raketalar orqali berilgan zarbalarda 2 kishi halok bo‘lganini aytgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi o‘z navbatida mamlakat qo‘shinlari Zaporoje shahridagi “Zaporojstal” metallurgiya korxonasi, Dneprdagi “Interpayp Stil” majmuasi va Krivoy Rogdagi bir qator sanoat ob’ektlariga, jumladan, “Severniy gorno-obogatitelniy kombinat”ga zarba berganini bildirgan.
Shuningdek, Odessa viloyati gubernatori Oleg Kiperning ma’lum qilishicha, tungi hujumlar oqibatida 37 kishi, jumladan, chaqaloq jarohatlangan. Yana 2 kishi bedarak yo‘qolgan. Rossiya Mudofaa vazirligi Moskva qo‘shinlari Ukraina portlariga zarbalarni davom ettirganini, Odessada harbiy maqsadlarda foydalanish uchun yuk olib ketayotgan kemalardan biriga zarba berilganini ham ma’lum qilgan.
Ukraina harbiylari esa Rossiyaning Samara viloyati Tolyatti shahridagi yirik sintetik kauchuk ishlab chiqaruvchilaridan biri – “Tolyattikauchuk” korxonasiga zarba berilganini bildirgan. Ukraina tomoniga ko‘ra, hujumdan keyin korxona hududida yong‘in chiqqan.
Ukraina harbiylari ushbu zavodda Rossiya raketalari yoqilg‘isida ishlatiladigan sintetik kauchuk va yoqilg‘i qo‘shimchalari ishlab chiqarilishini bildirgan.
Samara viloyati gubernatori Vyacheslav Fyodorishchev hududdagi sanoat ob’ektlariga Ukraina dronlari hujum qilganini tasdiqlagan, ammo qaysi korxonalar zarar ko‘rgani yoki ularga qanchalik jiddiy talafot yetganini aniq aytmagan.
Tolyatti meri Ilya Suxixning ma’lum qilishicha, shaharda bir nechta turar joy binolari zararlangan va bir kishi yaralangan. Shuningdek, Rostov viloyatining Taganrog shahridagi alohida hujum natijasida to‘rtta tijorat ob’ektida yong‘in chiqqan. Bu haqda shahar meri Svetlana Kambulova xabar bergan.
So‘nggi ikki oy davomida Rossiyaning Ukrainadagi elektr stansiyalari va boshqa infratuzilma ob’ektlariga hujumlari kuchaygan. Shu bilan birga, Ukraina ham Rossiyaning uzoq hududlaridagi energetika ob’ektlari va omborlarga zarbalar bermoqda. Ikki tomon ham Qora dengiz va boshqa hududlardagi kemalarga qarshi hujumlarni kuchaytirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya qo‘shinlari “Geran” rusumli uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida Kiyev yaqinidagi Gostomelda harbiy yuklar saqlanadigan logistika omboriga zarba bergandi.
Live
Barchasi