Rossiya Ukraina tomon rekord darajadagi kamikadze dronlarini uchirdi
Olam
−
28 may 2023
20325Bugun, 28 mayga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Eronning Shahed-136/131 uchuvchisiz samolyotlari bilan shimoliy yo‘nalishda – Bryansk viloyati va janubiy yo‘nalishda – Krasnodar o‘lkasidan Ukrainaga hujum qildi. Bu haqda Ukraina Qurolli Kuchlari xabar berdi.
Aytilishicha, Ukraina Qurolli Kuchlari rekord miqdordagi kamikadze dronlarining jami 54 marta uchirilganini qayd etgan. Rossiya kuchlari tungi hujumni mamlakatning markaziy hududlaridagi harbiy ob’ektlar va davlatning muhim infratuzilmalariga, xususan, Kiyevga yo‘naltirgan. U yerdagi “Markaz” havo qo‘mondonligi hududida zarba beruvchi uchuvchisiz samolyotlarning aksariyati yo‘q qilingan.
Shuningdek, hujumni qaytarish uchun Ukraina Harbiy-havo kuchlarining “Janub” va “G‘arb” havo qo‘mondonliklari hamda Ukraina mudofaa kuchlarining boshqa tarkibiy qismlaridagi havo hujumidan mudofaa kuchlari va vositalari jalb qilingan.
Ukraina tomoni hujum qilgan 54 drondan 52 tasini yo‘q qilganini e’lon qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 25 may kuni Ukraina Rossiya tomonidan amalga oshirilgan tungi hujumlarda Eronda ishlab chiqarilgan 36 ta dronning barchasini urib tushirganini e’lon qilgandi. Shu kuni Ukraina Prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak mamlakat Qurolli Kuchlarining qarshi hujumi boshlanganini ma’lum qildi. 26 mayda esa Kiyev Rossiya tomonidan uchirilgan 10 ta raketa va 20 dan ortiq uchuvchisiz samolyotlarni urib tushirganini ma’lum qildi. Kecha, 27 may kuni Rossiya kuchlari Britaniya tomonidan Ukrainaga yetkazib berilgan ikkita uzoq masofali “Storm Shadow” qanotli raketalarini tutib oldi.
LiveBarchasi