Rossiya-Ukraina muzokaralari davom ettiriladimi? Peskov javob berdi
Olam
−
14 aprel 2022
11321Hozircha Moskva va Kiyev o‘rtasida yuzma-yuz muzokaralarning yangi bosqichlarini o‘tkazish uchun hech qanday harakat yo‘q. Bu haqda bugun, 14 aprel kuni jurnalistlarga Rossiya Federatsiyasi prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
“Yo‘q, hozircha hech narsa yo‘q”, degan u TASSning tegishli savoliga javob berar ekan.
Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Belarusni Ukraina bilan muzokaralar olib borish uchun ajoyib joy deb biladi, biroq bu holatda Kiyevning fikri ham muhim.
“Bizning nuqtai nazarimizdan, Belarus, albatta, muzokaralar uchun ajoyib joy bo‘lardi. Lekin siz bilasizki, buning uchun Ukraina tomonining ham nuqtai nazari zarur”, degan Kreml vakili Rossiya muzokaralarni ushbu mamlakatda davom ettirishni talab qiladimi, degan savoliga javoban.
Ma’lumot o‘rnida, Rossiya-Ukraina muzokaralari 28 fevralda, urush boshlaganidan to‘rt kun o‘tib o‘tkazila boshladi. Belarusda bir nechta uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, keyin muzokarachilar video aloqa orqali muloqotni davom ettirdi. 10 mart kuni Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tgan diplomatik forum doirasida Turkiya Rossiya va Ukraina Tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Dmitriy Kulebaning uchrashuvini tashkil qildi. 29 mart kuni esa Istanbulda yuzma-yuz muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uning yakunlari bo‘yicha Rossiya delegatsiyasi Ukraina tomonidan o‘rganib chiqiladigan va mamlakat rahbariyatiga yetkaziladigan aniq shakllangan pozitsiya va takliflarni oldi.
LiveBarchasi