Rossiya Ukraina doni bo‘yicha tarixiy kelishuvni to‘xtatish bilan tahdid qilmoqda

Olam

image

Ukrainadan don eksport qilish bo‘yicha Istanbulda erishilgan kelishuv to‘xtatilishi mumkin. Bu haqda Rossiyaning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya ma’lum qildi. Diplomat kelishuvning Rossiyadan mahsulot eksport qilish qismi amalga oshmay qolayotganini aytgan.

Diplomatning eslatishicha, kelishuv to‘rt oyga mo‘ljallangan va uning muddati noyabrda tugaydi. Matbuotning kelishuvning buzilishi tahdidi haqidagi savoliga javob berar ekan, u uni uzaytirish bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etmayotganini, ammo har qanday ssenariyga tayyor bo‘lish kerakligini ta’kidladi.

Nebenzya “oziq-ovqat bitimi”ning Rossiya oziq-ovqat va o‘g‘itlarini eksport qilish bo‘yicha qismi ishlamayotganini, hozirgacha birorta ham Rossiya kemasi donni eksport qila olmaganini aytib o‘tgan.

“Biz kelishuvga erishdik, ammo hech nima ishlamayapti. Birorta ham rus kemasi Rossiya donini eksportga olib chiqmadi”, degan u jurnalistlarga.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 iyul kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Turkiya Milliy Mudofaa vaziri Hulusi Akar, Rossiya Milliy Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Ukraina Infratuzilma vaziri Aleksandr Kubrakov ishtirokida “Don yo‘lagi” hujjati imzolandi. Ukrainadan g‘alla eksporti bo‘yicha kelishuv Odessa, shuningdek, Chernomorsk va Yujniydan xavfsiz yo‘laklarni yaratishni nazarda tutadi. Ushbu kelishuv jahon bozorlariga kamida 25 million tonna don yetkazib berish imkonini beradi.

Kelishuv kuchga kirganidan keyin avgust oyida Ukraina portlaridan 1,67 million tonnadan ortiq oziq-ovqat eksport qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

174

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing