Rossiya Trampning chaqirig‘iga qarshi chiqdi
Olam
−
22 Oktabr 10818 2 daqiqa
Ukrainada darhol o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiriqlar AQSH Prezidenti Donald Tramp va Rossiya rahbari Vladimir Putin o‘rtasidagi Alyaskada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda erishilgan kelishuvlarga zid keladi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Efiopiya TIV rahbari Gideon Timoteos bilan birgalikda o‘tkazgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Lavrovga ko‘ra, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning “yevropalik homiy va xo‘jayinlari” AQSHni o‘z pozitsiyasini o‘zgartirishga va “uzoq muddatli kelishuvga erishishga” intilmaslikka undamoqda. Uning ta’kidlashicha, bu yondashuv Alyaskadagi uchrashuv chog‘ida Tramp va Putin “mojaroga sabab bo‘lgan omillarni muhokama qilish” borasida kelishib olgan nuqtai nazariga butunlay zid.
“Tramp tomonidan hozir shunday fikr yangramoqda: darhol to‘xtash kerak, boshqa hech narsani muhokama qilish shart emas, to‘xtaymiz va keyin tarix baho beradi. Agar shunchaki to‘xtab qolsak, bu mojaroning asl sabablarini unutish degani. Axir Tramp hokimiyatga kelganida AQSH ma’muriyati bu sabablarni aniq tushungandi”, degan Lavrov.
Rossiya vazirining iddao qilishicha, darhol o‘t ochishni to‘xtatish Ukrainaning katta qismi “natsist rejimi” qo‘lida qolishiga olib keladi.
Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp 17 oktyabr kuni Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy bilan muzokaralardan so‘ng “qotilliklarni to‘xtatish va kelishuvga erishish vaqti keldi”, deb bayonot bergan edi. U jangovar harakatlarni front chizig‘i bo‘ylab to‘xtatishni taklif qilgan. Trampga ko‘ra, Zelenskiy va Putin “g‘alabalarini e’lon qilishi”, so‘ngra “tarix hukm chiqarishi” mumkin. Ukraina Prezidenti bu taklifni qo‘llab-quvvatlagan. Yevropa yetakchilari ham front chizig‘i bo‘ylab janglarni to‘xtatishga chaqirgan.
Tramp Zelenskiy bilan uchrashishidan oldin esa Putin bilan qo‘ng‘iroqlashgandi. U Rossiya yetakchisi bilan deyarli 2 soat gaplashgan. Yetakchilar suhbat davomida Budapeshtda uchrashib, hamma masalani hal qilishga kelishib olgan edi. Suhbat Ukraina urushi to‘xtashi uchun kichik umidlarni tug‘dira boshlagandi, ammo so‘nggi xabarlar bor umidni ham o‘ldirdi. OAVda tarqalayotgan xabarlarga ko‘ra, Putin va Trampning uchrashuvi bekor qilingan. Buni yetakchilar rasman tasdiqlamagan bo‘lsa-da, ularga yaqin manbalar shunga ishora qilmoqda.
Live
Barchasi