Rossiya tojikistonlik migrantlarga quchog‘ini yanada keng ochmoqda
Olam
−
29 mart 2022
16151Rossiya Ichki ishlar vazirligi Tojikiston hududida o‘zining pasport-viza xizmati ishini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligining “Pasport-viza xizmati” federal unitar korxonasi direktorining birinchi o‘rinbosari Sergey Kulikov Tojikiston Mehnat, migratsiya va bandlik vaziri o‘rinbosari Shahnoza Nodiriy bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
“Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining Tojikistonda pasport-viza xizmati filialining ochilishi [migrantlar] safari boshlanishidan oldin hujjatlar to‘plamini tayyorlash bo‘yicha ishlarning qariyb 80 foizini tashkil etish imkonini beradi. Rossiya Federatsiyasi hududiga kirishi bilan Tojikiston fuqarolari – mehnat muhojirlari ishlash uchun ruxsatnomaga ega bo‘lib, darhol ishga kirisha oladilar”, deya Kulikov so‘zlarini keltiradi "Xovar" axborot agentligi.
Qayd etilishicha, respublika fuqarolari ketishdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tish, taklif etilayotgan mehnat sharoitlari, mehnat shartnomasi, ish haqi bilan tanishish va vositachilarsiz qaror qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Uchrashuvda Kulikov agar hujjatlarni rasmiylashtirish va mehnat faoliyatini soddalashtirish taklifi qo‘llab-quvvatlansa, ishchi guruh Tojikistonga jo‘nab ketishga tayyorligini aytdi.
Ichki ishlar vazirligining Pasport-viza xizmati migratsiya hujjatlarini ishlab chiqish, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, barmoq izlarini olish bilan shug‘ullanadi, kirish, bo‘lish, ro‘yxatga olish bo‘yicha axborot-maslahat xizmatlarini ko‘rsatadi, immigratsiya ro‘yxatiga olish va hududiy organlar tomonidan berilgan mehnat ruxsatnomalarini qabul qiladi. Xizmatning filiallari Moskva va Sankt-Peterburg bilan bir qatorda Rossiya Federatsiyasining 57 ta sub’ektida mavjud. MDHning ayrim davlatlari bilan tuzilgan ikki tomonlama shartnomalar doirasida xorijda vakolatxonalar ochildi, ularda chet el fuqarolariga Rossiyada ishlash uchun ruxsatnomalar beriladi.
Tojikiston Migratsiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda respublikani mehnat migratsiyasi uchun 373 mingdan ortiq fuqaro tark etgan bo‘lib, ulardan 2 mingga yaqin kishi Mehnat vazirligi huzuridagi Bandlik agentligi va xususiy bandlik agentliklari orqali uyushgan yollash yo‘li bilan jo‘natilgan. Tojikistonlik mehnat muhojirlarining qariyb 95 foizi Rossiyaga ishlash uchun boradi. 2021 yilda 147 mingdan ortiq tojikistonlik mehnat migratsiyasidan mamlakatga qaytgan.
LiveBarchasi