Rossiya Tojikistondagi harbiy bazasini yangi qurollar bilan kuchaytirdi
Olam
−
10 avgust 2021
7109Rossiyaning xorijdagi eng yirik harbiy ob’ekti Tojikistondagi 201-bazasi yangi namunadagi o‘tochar qurollar, modernizatsiya qilingan olov purkagich va “Verba” ko‘chma zenit-raketa majmuasi bilan ta’minlandi.
Ularning bari O‘zbekiston, Rossiya va Tojikiston harbiylarining Afg‘onistondagi beqarorlik fonida o‘tkazilgan qo‘shma mashg‘ulotida foydalanilgan. Bu haqda Rossiyaning Markaziy harbiy okrugi matbuot xizmti ma’lum qildi.
“201-harbiy bazaga eng yangi Kalashnikov AK-12 avtomatlari, Makarov to‘pponchalari o‘rnini bosuvchi Yarigin pistoletlari, zamonaviy yirik kalibrli ASVK-M snayper vintovkasi, va “Verba” ko‘chma zenit-raketa majmuasi keldi. Barcha qurollar rus bo‘linmalari tomonidan Tojikiston va O‘zbekiston bilan hamkorlikda o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda ishlatildi”, deyiladi xabarda.
Avvalroq Tojikistonning “Harb maydon” poligonida o‘tkazilgan mashg‘ulotlar yakunlangani haqida xabar bergan edik.
Afg‘onistondagi keskinlik
Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi.
Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.
LiveBarchasi