Rossiya “Tolibon”ni tan olishi mumkin, ammo...

Olam

image

Kelajakda Rossiya “Tolibon”ning muvaqqat hukumatini tan olishi mumkin, ammo uning vakillari o‘z majburiyatlarini bajarish orqali bunga erishishlari kerak. Bu haqda Rossiya Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili, Tashqi ishlar vazirligining Osiyo bo‘yicha ikkinchi departamenti direktori Zamir Kabulov RTVI telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi. 

“Toliblar e’tirofga loyiq bo‘lishi, ya’ni etnosiyosiy inklyuziv hukumat yaratish chaqirig‘iga javob berishga tayyor ekanliklarini amalda isbotlashi kerak. Agar ular bu qadamni qo‘ysa, bu Rossiya tomonidan “Tolibon” rejimining ehtimoliy tan olinishiga yo‘l ochadi. Aynan shuning uchun ham Afg‘onistonning Moskvadagi elchixonasiga Afg‘onistonning vaqtinchalik ishlar vakili rahbarlik qilmoqda – biz elchini qabul qila olmaymiz, chunki biz “Tolibon” hukumatini tan olmaymiz”, degan Kabulov.

Moskva formatidagi yig‘ilishdan so‘ng Rossiya “Tolibon”ni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarishni e’lon qilishni rejalashtiryaptimi, degan savolga javob berar ekan, Kabulov bunday e’lonlar rejalashtirilmagan va kutilmaganini bildirdi. Shu bilan birga, u hech qanday kelishuvlar tuzilishi kutilmasligini qo‘shimcha qildi va bu tadbir aynan siyosiy muloqot ekanini urg‘uladi.  

“Biz yig‘ilish yakunlari bo‘yicha bayonot qabul qilmoqchimiz”, deya xulosa qildi Prezidentning maxsus vakili. 

Afg‘oniston bo‘yicha Moskva formatidagi uchrashuv ertaga, 29 sentyabr kuni Qozon shahrida bo‘lib o‘tadi. Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning ma’lum qilishicha, uchrashuv chog‘ida Afg‘onistondagi mavjud vaziyat, afg‘onlar ichidagi yarashuv, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash va mamlakatni mojarodan keyin tiklash masalalari muhokama qilinadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tadbir yakunlari bo‘yicha tomonlarning qo‘shma bayonoti qabul qilinishi kutilmoqda. AQSH vakillari uchrashuvga kuzatuvchi sifatida taklif etilmagan. Zaxarovaga ko‘ra, kengaytirilgan “uchlik” (AQSH, Pokiston, Xitoy) formati amalda ishlamayapti, uning o‘rnini Rossiya, Xitoy, Pokiston va Eronning birgalikdagi hamkorligi egallagan.

Afg‘oniston bo‘yicha Moskva formatiga Rossiya, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston kiradi. Avvalgi uchrashuv o‘tgan yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Rossiya Tolibon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing