Rossiya TIV Ukrainada tinchlikka erishish shartini e’lon qildi
Olam
−
27 may 2023 28569 2 daqiqa
Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin Ukrainada tinchlikka erishish shartini aytdi. Bu haqda RBK xabar berdi.
Uning ta’kidlashicha, agar Ukraina Yevropa Ittifoqi va NATOga qo‘shilishdan bosh tortsa va bloksiz maqomga qaytsa, mamlakatda tinchlikka erishish mumkin.
“Umumjahon, adolatli va mustahkam tinchlikka erishish uchun Ukraina 1990 yilda o‘z davlat suvereniteti to‘g‘risidagi deklaratsiyada qayd etilgan neytral qo‘shilmaslik maqomiga qaytishi, NATO va Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishdan bosh tortishi kerak”, degan rossiyalik mulozim.
Galuzinning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya Ukraina kuchlari tomonidan harbiy harakatlar yakunlanganidan va G‘arb qurol-yarog‘ yetkazib berishni to‘xtatgandan keyingina kelishuvga erishish mumkin, deb hisoblaydi.
“Ukraina xalqlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini amalga oshirish natijasida yuzaga kelgan yangi hududiy voqeliklarni tan olishi kerak”, deydi vazir o‘rinbosari.
Aytish joizki, Rossiya 2014 yilda Qrimni, 2022 yil kuzida Xerson va Zaporoje viloyatlari, shuningdek, (tan olinmagan) Donetsk va Lugansk xalq respublikalarini o‘z tarkibiga qo‘shib olgan. Kiyev bu hududlarni bosib olingan deb hisoblaydi.
Shuningdek, Galuzin mojaroni hal qilish uchun Donbass aholisini “himoya qilish”ni ta’minlash, Ukrainani demilitarizatsiya va denasifikatsiya qilishga erishish va Rossiya xavfsizligiga ushbu mamlakat hududidan kelayotgan “tahdid”larni bartaraf etish zarur ekanini da’vo qilgan.
“Kelishuvning yana bir muhim elementi – rusiyzabon fuqarolar va milliy ozchiliklarning huquqlarini himoya qilishdir. Mamlakatda tinchlikka erishish uchun rus tilining davlat maqomini qonunchilik darajasida mustahkamlash zarur. Shuningdek, Ukrainada insonning asosiy huquqlari, jumladan, diniy e’tiqod erkinligi huquqiga rioya etilishiga erishish kerak”, deya xulosa qilgan Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari.
E’tiborli jihat shundaki, Rossiya da’vo qilayotgan xalqaro huquq nafaqat xalqlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilashini, balki mamlakatlarning hududiy yaxlitligini ta’minlashni ham talab qiladi.