Rossiya temir yo‘l orqali Eronga yonilg‘i yetkazib berishni boshladi
Olam
−
11 aprel 2023
8342An’anaviy xaridorlari Moskva bilan savdo qilishdan bosh tortganidan keyin Rossiya bu yil birinchi marta Eronga temir yo‘l orqali yonilg‘i eksportini boshladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
G‘arb sanksiyalari ostidagi Rossiya va Eron o‘z iqtisodini qo‘llab-quvvatlash hamda Moskva va Tehron asossiz deb hisoblaydigan cheklovlarni buzish uchun yaqinroq aloqalarni o‘rnatmoqda. G‘arbning Rossiya neft mahsulotlariga nisbatan kiritgan sanksiyalari jahon yonilg‘i bozorlari qayta shakllanishiga olib kelgan. Xususan, tankerlar uzoqroq yo‘nalishlarda harakatanishga, yetkazib beruvchilar esa yangi yo‘nalishlar va transport usullarini tanlashga majbur bo‘lgan.
Eron yillar davomida G‘arb sanksiyalari ostida, mamlakatning global bozorlarga kirish imkoniyati cheklangan. O‘tgan yilning kuzida esa Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak Eron bilan neft mahsulotlari almashinuvi boshlanishini e’lon qilgan. Biroq amalda yetkazib berish joriy yilda boshlangan. Fevral va mart oylarida Rossiya Eronga 30 ming tonnagacha benzin va dizel yetkazib bergan.
Barcha mahsulotlar Rossiyadan Qozog‘iston va Turkmaniston orqali temir yo‘l bilan yetkazib berilgan. Benzin yuklarining bir qismi Erondan qo‘shni davlatlarga, jumladan, Iroqqa yuk mashinalari orqali jo‘natilgan.
Eron neft ishlab chiqaruvchi davlat sanaladi, hatto, o‘z neftini qayta ishlash zavodlariga ham ega. Ammo so‘nggi paytlarda, ayniqsa, mamlakatning shimoliy viloyatlarida neft iste’moli mahalliy yonilg‘i ishlab chiqarish hajmidan oshib ketgan.
Ta’kidlash joiki, Rossiya neft kompaniyalari hozirda Eronga dizel va benzinni temir yo‘l orqali eksport qilishdan manfaatdor, chunki dengiz orqali eksport qilishda yuqori yuk stavkalari va G7 mamlakatlari tomonidan o‘rnatilgan narx chegarasi mavjud. Biroq temir yo‘l eksporti ham marshrut bo‘ylab qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
“Bu yil Eronga yonilg‘i yetkazib berish ko‘payishini kutmoqdamiz, ammo temir yo‘l tirbandligi tufayli logistika bilan bog‘liq bir qancha muammolarni allaqachon ko‘rib turibmiz. Bu eksportning jadal rivojlanishiga yo‘l qo‘ymasligi mumkin”, degan neft yetkazib berishdan xabardor manbalardan biri.
LiveBarchasi