Rossiya Tatarskiyning o‘limida Ukraina va Navalniy fondini aybladi
Olam
−
03 aprel 2023
7125Rossiya Milliy aksilterror qo‘mitasi (MAQ) taniqli harbiy jurnalist Vladlen Tatarskiyning o‘limida Ukraina maxsus xizmatini aybladi. Shuningdek, Aleksey Navalniyning Korrupsiyaga qarshi kurashish fondi ham suiqasdni tashkillashtirishda ishtirok etgani aytildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Gap shundaki, portlash va Tatarskiyning o‘limida gumonlanib, Darya Trepova hibsga olingan. MAQ Navalniy jamg‘armasi Darya Trepovani faol qo‘llab-quvvatlaganini aytmoqda.
“Sankt-Peterburgda taniqli jurnalist Vladlen Tatarskiyga qarshi sodir etilgan terrorchilik harakati Ukraina maxsus xizmati tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurash fondi (Aleksey Navalniy fondi) bilan hamkorlikda amalga oshirilgan. Hibsga olingan Darya Trepova uning faol tarafdori”, deyiladi xabarda.
Navalniy jamoasi esa mazkur ayblov yuzasidan munosabat bildirib, jamg‘armaning bunga aloqasi yo‘q ekanini ma’lum qildi.
“MAQ uzoq vaqtdan beri terrorizm bilan bog‘liq ayblovni bo‘ynimizga ilish harakatida bo‘lib turibdi. Ular yaqin kelajakda Navalniy ustidan bo‘ladigan sudda unga maksimal muddat berishni maqsad qilmoqda”, deyiladi xabarda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, aynan Darya Trepova portlovchi moddalar o‘rnatilgan haykalchani Tatarskiyga topshirgan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan Trepovaning Sankt-Peterburgdagi yashash joyida tintuv o‘tkazilib, uning onasi va singlisi so‘roq qilingan.
Eslatib o‘tamiz, Taniqli harbiy jurnalist Vladlen Tatarskiy (haqiqiy ismi Maksim Fomin), 2 aprel kuni Sankt-Peterburg markazidagi Vasilevskiy orolida kafedagi portlash oqibatida halok bo‘ldi, yana 32 kishi yaralandi. Binoda aynan Tatarskiyning ijodiy kechasi bo‘lib o‘tayotgan edi. Portlovchi modda Tatarskiyga sovg‘a sifatida berilgan haykalchada bo‘lgan.
LiveBarchasi